Bugungi kunda barchamizning e’tiborimiz O‘zbekiston milliy jamoamizning FIFA kunlaridagi yig‘ini va o‘rtoqlik o‘yinlariga va shu bilan birga Yaponiyada o‘tayotgan Osiyo o‘yinlariga ham qaratilgan. Boisi, u yerda olimpiya terma jamoamiz ishtirok etmoqda va yarim finalga yo‘l oldi.
O‘zbekiston milliy jamoamiz esa yaqinda Farg‘onada Eronni 3:1 natijasida dog‘da qoldirdi. Keyingi raqib esa Suriya.
Tabiiyki, ikkala terma jamoamizning o‘yinlari muxlis va mutaxassislarning nigohida bo‘lib turibdi. Jumladan, ishtiyoqi baland, intiluvchan, tajribasini oshirib borayotgan mutaxassis Sergey Arslonov aynan yuqoridagi masalalar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Sergey Sergeyevich, O‘zbekiston milliy jamoasining Eronga qarshi o‘tkazgan o‘rtoqlik uchrashuvi sizda qanday taassurot qoldirdi?
- Xayrli kun. Milliy jamoaning bevosita o‘yini haqida gapiradigan bo‘lsak, har qanday holatda ham ijobiy taassurot qoldirdi. Chunki terma jamoaning o‘zida juda katta o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Eng muhimi, shu paytga qadar go‘yoki milliy jamoaga chaqirilmagan ko‘plab boshqa futbolchilarga ham imkoniyat berildi. Shuningdek, yosh futbolchilarda o‘zlarini ko‘rsatishlari uchun ham yaxshi imkoniyat paydo bo‘ldi. Menimcha, bu ham juda muhim jihat.
Umuman olganda, Kannavaro tutgan tamoyillar — ya’ni bugungi kunda kim tayyor bo‘lsa, kim eng yaxshi jismoniy va sport formasida bo‘lsa, o‘sha futbolchi terma jamoaga chaqirilishi kerak, degan yondashuv — menimcha, haqiqatdan ham to‘g‘ri. Ya’ni, bugungi kunga qarab ish tutish kerak. Bugun kim kuchliroq bo‘lsa, tabiiyki, o‘sha futbolchi terma jamoa tarkibida bo‘lishi lozim.
- Mahmud Mahamadjонov legionerga aylanganidan so‘ng milliy jamoadan chaqiruv oldi. U Eronga qarshi uchrashuvda zaxiradan maydonga tushib, terma jamoamizning uchinchi goliga assistentlik qildi. Bu haqda qanday fikrdasiz?
- Mahmudga kelsak, uning uchun juda xursandman. Nega? Chunki u haqiqatan ham milliy jamoaga chaqirilishga munosib edi. U «Andijon» safida so‘nggi uchrashuvlarda o‘zini juda yaxshi ko‘rsatdi. Unda o‘ziga xos o‘sish dinamikasi ko‘zga tashlandi. Bu o‘sish nafaqat o‘yinlarda, balki mashg‘ulot jarayonida ham yaqqol ko‘rindi. Ya’ni, u mashg‘ulotlarda qanday ishlagan bo‘lsa, rasmiy uchrashuvlarda ham shunga yarasha o‘ynadi. Bu esa mashg‘ulotlardagi maksimal darajadagi o‘zini fido qilish, bor kuchini berish oxir-oqibat rasmiy o‘yinlarda ham o‘zining ijobiy samarasini berganini ko‘rsatadi.
Mahmud haqiqatan ham kreativ futbolchi. U jamoasining hujum harakatlarida juda faol ishtirok etadi. Himoyada o‘ynasa-da, aytish mumkinki, u yashirin yarim himoyachi vazifasini ham bajaradi. Chunki ko‘p holatlarda hujumlarga qo‘shiladi va hujumlarni tashkil etishda o‘zini juda yaxshi ko‘rsatadi.
Mahamadjонов shartli ravishda o‘yinni o‘z qo‘liga ola oladi, to‘p uchun kurashga kira oladi va chap oyoqda yaxshi kross uzatmalarni amalga oshiradi. Shuning uchun menimcha, u haqiqatan ham milliy jamoaga chaqirilishga munosib edi. Mahmud bu chaqiruvni oqladi va bosh murabbiyning ishonchini ham to‘liq oqladi.
Nega? Chunki bosh murabbiy unga ishonch bildirib, tarkibda o‘ynash imkoniyati va ma’lum miqdorda o‘yin vaqti berganida, Mahmud haqiqatan ham bunga munosib ekanini isbotlay oldi.
- Kannavaro ushbu yig‘in uchun O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibiga chaqirgan futbolchilar haqida qanday fikrdasiz?
- Milliy jamoa tarkibiga keladigan bo‘lsak, avval aytganimdek, menimcha, bu nafaqat terma jamoa, balki umuman har qanday jamoa uchun asosiy tamoyillardan biri hisoblanadi: bugungi kunda kim kuchli bo‘lsa, o‘sha futbolchi o‘ynashi kerak.
Ya’ni, har qanday jamoada — bu klub bo‘ladimi yoki milliy jamoadami — hamma joyda bitta tamoyil bo‘lishi kerak: sog‘lom raqobat tamoyili. Bu juda muhim. Nega? Chunki shunday sog‘lom raqobat sharoitida futbolchilar faqat o‘sadi va futbolchi sifatida rivojlanadi. Bu juda muhim. Shu bois men bugungi kunda kim kuchliroq bo‘lsa, o‘sha futbolchilarni tanlash tarafdoriman. Menimcha, bu haqiqatan ham juda muhim.
Shuningdek, avval aytgan yana bir jihatni ham ta’kidlash kerak: ilgari milliy jamoaga chaqirilmagan futbolchilarga ham imkoniyat berilgani, bundan tashqari, yosh futbolchilarga ham o‘zini ko‘rsatish uchun «shans» taqdim etilgani juda yaxshi bo‘ldi. Bu juda muhim. Nega? Chunki hatto ichki chempionatimizda ham milliy jamoada o‘ynashga haqiqatan munosib bo‘lgan futbolchilar bor.
Men Kannavaro milliy jamoa eshiklari barcha futbolchilar uchun ochiq, degan tamoyilga amal qilayotganidan juda xursandman. Bu, bilasizmi, o‘ziga xos rag‘bat, terma jamoaga hali jalb etilmagan futbolchilar uchun motivatsiya vazifasini o‘taydi. Tabiiyki, bu ayniqsa yosh futbolchilar uchun katta motivatsiya.
- Bundan tashqari, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi yarim finalga yo‘l oldi va turnir mezboni — Yaponiya terma jamoasiga qarshi o‘ynaydi. Jamoamizning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Olimpiya terma jamoasi haqida gapiradigan bo‘lsak, biz Ravshan Haydarovni juda yaxshi bilamiz. U yoshlar terma jamoalari bilan ishlash bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan, katta mutaxassis. Uning rahbarligidagi har qanday terma jamoa doimo haqiqatan ham chiroyli, mazmunli va natijador futbol namoyish etadi.
Biz turnir mezbonlari bilan to‘qnash keladigan bo‘lganimizga kelsak, menimcha, bu holat terma jamoamizni aslo qo‘rqitmasligi kerak. Aksincha, bu yanada ko‘proq motivatsiya, kuch va ishonch berishi lozim. Biz haqiqatan ham keyingi bosqichga o‘ta olishimiz va o‘tishimiz kerakligiga ishonch yanada oshishi zarur.
Yoshlarimizning bugungi holati va saviyasini inobatga olsak, menimcha, umuman olganda, Osiyoning istalgan terma jamoasi bilan bemalol raqobatlasha olamiz.
Qolaversa, hozir biz jahon chempionatiga yo‘llanma olganimizni ham hisobga olish kerak. Bunga qadar ham deyarli har bir musobaqada biz favoritlardan biri sifatida qarab kelinganmiz. Menimcha, OFK homiyligidagi musobaqalarda bizning yigitlarimiz faqat yuqori o‘rinlarga da’vo qilishga munosib. Shuning uchun Yaponiya terma jamoasi turnir mezboni ekanini inobatga olgan holda ham biz ularni mag‘lub etib, finalga chiqishga erishamiz, degan umiddaman.