Live
2
O'zbek

“Bu yerda o'zbeklar tomonidan katta tarix yozildi” — Sherzod Temirov

Eksklyuziv
3 avgust, 11:24
Temirov klubini o'zgartirganidan keyin o'zining ilk interv'yusini Tribuna.uz jurnalistiga berdi.
“Bu yerda o'zbeklar tomonidan katta tarix yozildi” — Sherzod Temirov
Фото: Getty Images

Iroq chempionatida o'z gollari bilan rekord qo'ygan hamyurtimiz Sherzod Temirov yaqinda klubini o'zgartirganidan xabaringiz bo'lsa kerak. Legionerimiz «Erbil» klubidan ketib, Iroqning boshqa bir jamoasi - «Zakho» bilan shartnoma imzoladi.

Bir mavsumda 29 ta gol urgan o'zbek hujumchisini o'z safiga qo'shishni istagan jamoalar talaygina edi, boshqa qit'alardan ham Temirovga jiddiy qiziqishlar bo'ldi. Shunga qaramay, futbolchimiz o'z qarorini e'lon qilgan holda yana Iroq chempionatida qolishni ma'qul topdi, faqat boshqa jamoasida.

Temirov klubini o'zgartirganidan keyin o'zining ilk interv'yusini Tribuna.uz jurnalistiga berdi.

- Sherzodbek, siz «Erbil» klubidan Iroqning boshqa bir jamoasi – «Zakho»ga o'tdingiz. Buning sababi nima bilan bog'liq?

- Avvalo, barcha futbol muxlislariga salom! «Erbil» klubi bilan shartnomam yakuniga yetgandi. Bu yerda o'zbeklar tomonidan katta tarix yozildi. Bu Iroq ligasida o'zbekistonlik uchun yanada qiziqish ortishiga sabab bo'ladi, deb o'ylayman. Yangi jamoamga kelsak, ularda katta maqsadlar borligini aytishdi va kelishuv amalga oshdi. Yaxshi takliflar bo'lsa, yuqori ligadan, bemalol yordam berishlarini shartnoma bandiga ham kiritdik. Bu tomondan ham menga ma'qul keldi. Endi tezroq moslashib, yangi jamoamga yordam berishga tayyorman va oldinda katta mavsum kutib turibdi.

- Oldingizda takliflar ko'p edi. «Zakho» sizni yana nimasi bilan qiziqtira oldi?

- Qiziqish bo'lgani bu ajoyib. Lekin o'zingizni faoliyatingiz uchun mos keladigan klubni va yaxshi tomonlarini ham ko'rib chiqishingiz kerak. Masalan, siz top klubga bordingiz, ertaga moslashib ketib, o'yin amaliyotiga ega bo'lishingiz lozim. Futbolda faqat klub nomi bilan emas, o'zingiz uchun mos keladigan jamoaga borganingiz ma'qul, deb o'ylayman.

- Shuningdek, sizga Misrning «Al Ahli» klubidan ham qiziqish borligini eshitgandik. Bu muzokaralargacha yetib borgandimi?

- Ha, albatta. Bu rost. Ular mavsum tugamasidan shartnoma qilishimni xohlagan. Men esa bunday tavakkal qilishni xohlamaganman. To'g'ri, «Al Ahlio» kuchli va katta klub. Biroq men yuqorida aytgan gapimda qolaman!

- Siz O'zbekiston milliy jamoamiz bilan jahon chempionatiga bordingiz. Biroq 26 talik ro'yxatga kiritilmadingiz? Bu kayfiyatingizga ta'sir qilmadimi?

- Milliy jamoa bilan birga jahon chempionatiga borish - bu mening orzuim bo'lgan. Lekin bu murabbiyning qarori. Sizga imkon bermasdan turib chaqirish menimcha, nohaqlik. Siz bir davlatda o'zbeklar nomidan rekord qo'yib kelasizu, ammo imkoniyat olmaysiz. Bu tushunarli emas. Men hafa emasman, chaqirilsam milliy jamoaga boraman, chaqirilmasam o'zimni klubimda qolib, davom etaman, ishini.

- Umuman olganda, mundialni o'z ko'zingiz bilan ko'rdingiz. Taassurotlar qanday? Nima o'rgandingiz?

- Bu men uchun katta tajriba bo'ldi. O'ynamasam ham ko'p narsalarni o'zim uchun bilib oldim. Siz u yerda faqat dunyoning top hujumchilarining o'yin uslubini ko'rish, o'yin uslubiga e'tibor berishingiz va ulardan juda ko'p kerakli narsalarni o'rganishingiz mumkin.

- Yangi klubingizda qaysi raqamni tanladingiz? Sizni qanday kutib olishdi?

- Meni juda iliq kutib olishdi. Ular men uchun 9-raqamni o'zlari tanlab qo'yishgan ekan.

- «Erbil» tarkibida chempionatda 34 ta o'yinda 28 ta gol urdingiz. Kubok musobaqasida esa 2 ta o'yinda 1 ta gol. Iroq chempionatining eng yaxshi to'purari boʻldingiz va endi sizdan hamma yana shunday sermahsullikni kutishmoqda. Ayting-chi, «Zakho»da ham shunday to'purarni ko'rsata olishingizga ishonchingiz komilmi?

- «Zakho» bu katta klublardan biri. Ularda doim maqsad bilan harakat qilishadi. Men yangi jamoam uchun ham borimni beraman. Hammayoqda oldinda. Mehnat, sabr bilan hamma narsani qilish mumkin, Xudo xohlasa.

- Yangi klubingizda hamma sizdan to'purarni kutayotgani sizga qo'shimcha bosim yuklamaydimi?

- Yo'q, nega? Biz bir jamoa va oilamiz. Barcha yaxshi natijalarga jamoam yordamida erishamiz.

- Iroq chempionatining sizga eng yoqqan va yoqmagan tomoni qaysi?

- Iroq ligasi ko'proq kurashuvchan ligalardan biri. Osiyoda o'zining o'rniga ega. Bu liga kurashuvchanligi uchun ham ko'pchilikka yoqadi, xususan menga ham. Hozircha yoqmaydigan tarafini ko'rmadim.

Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

3 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar