«Aston Villa» yozgi transfer oynasida jamoaning asosiy darvozaboni Emiliano Martines bilan xayrlashishi mumkin. Shu sababli klub argentinalik posbonning ehtimoliy o‘rnini bosuvchi variantlarni ko‘rib chiqmoqda.
A Bola nashri xabariga ko‘ra, Birmingem klubi «Benfika» darvozaboni Anatoliy Trubinga qiziqish bildirmoqda.
Manbaga ko‘ra, ukrainalik futbolchining o‘zi ham faoliyatini Angliya Premer-ligasida davom ettirishni istamoqda. Portugaliya klubi esa 24 yoshli posbonni kamida 20 million yevro evaziga qo‘yib yuborishga tayyor.
O‘tgan mavsumda Trubin barcha musobaqalarda 50 ta bahsda maydonga tushib, 43 ta gol o‘tkazib yubordi. Shuningdek, u 21 uchrashuvda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.
Darvozabonning «Benfika» bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning yoziga qadar amal qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Emiliano Martinesning kelajagi borasida ham turli xabarlar tarqalmoqda. Agar argentinalik posbon klubni tark etsa, Trubin «Aston Villa»ning asosiy transfer maqsadlaridan biriga aylanishi mumkin.