Meksikalik professional bokschi Arturo Torres 26 yoshida vafot etdi. Sportchi jangda nokautga uchrab, komaga tushganidan qariyb bir hafta o‘tib hayotdan ko‘z yumdi.
Torres 19-sentabr kuni Gilberto Garciyaga qarshi ringga ko‘tarilgandi. Jangning yettinchi raundida meksikalik bokschi nokautga uchradi. Shundan so‘ng uning ahvoli og‘irlashib, shifoxonaga olib ketildi.
Tibbiy tekshiruvlar davomida Torresning bosh miyasida qon ivishi aniqlangan. Shifokorlar sportchini qutqarib qolish maqsadida jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Biroq bokschi komadan chiqa olmadi va jangdan qariyb bir hafta o‘tib vafot etdi.
Ma’lumot o‘rnida, Arturo Torres professional boksdagi faoliyatini 2018-yil noyabr oyida boshlagan. U ringda jami 22 ta jang o‘tkazib, 15 ta g‘alaba qozongan, 6 marta mag‘lubiyatga uchragan va yana bir bahsni durang bilan yakunlagan.
Avvalroq bokschi Prichard Kolon 33 yoshida vafot etgani ma’lum qilingandi.