Live
1
O'zbek

«Shoʻrtan» bosh murabbiyi: «Vaziyatni ogʻir deb boʻlmaydi»

Eksklyuziv
13 oktabr, 01:45
Bosh murabbiy ayrim savollarga javob berdi.
«Shoʻrtan» bosh murabbiyi: «Vaziyatni ogʻir deb boʻlmaydi»
Фото: Шўртан ПФК

Proligada ham mavsum yakunlanib borgani sari intriga yanada jiddiy tus olmoqda.

Gʻuzorning «Shoʻrtan» jamoasi ham Superligaga yoʻllanmani qoʻlga kiritish uchun astoydil kurashayotganini bilasiz. Bu yoʻlda yaqinda bosh murabbiyini ham oʻzgartirdi. Asror Aliqulov oʻrniga Ixtiyor Karimov tayinlandi.

Jamoa gʻalabalar qozonib, musobaqa jadvalida ikkinchi pogʻonaga koʻtarilib oldi. Oxirgi turda esa oʻz uyida «Jayxun» 3:0 hisobida magʻlub etildi.
Koʻrinib turibdiki, Ixtiyor Karimov bosh murabbiylikka qaytgach, gʻuzorliklarda elitaga qaytish uchun imkoniyat yanada ortmoqda. Bosh murabbiy ayrim savollarga javob berdi.

- Kelgusi mavsumda rahbariyat ishonch bildirib, asosiy jamoani yana sizga topshirishga qaror qilsa, taklifni qabul qilasizmi?

- Agar menga shunday imkoniyat berishsa, bemalol ishlashda davom etaman. Eng avvalo, oʻzim bu ishga tayyor boʻlishim va buni his qilishim kerak. Agar oʻzimni tayyor deb bilsam, bemalol ishlay olaman.

- «Shoʻrtan» oʻtgan turda «Jayxun»ni yengdi. Oʻyinga tayyorgarlik jarayonida raqibning qaysi jihatlarini oʻrgandingiz va ijobiy natijaga erishishda ularni qay darajada hisobga oldingiz?

- Biz ushbu oʻyinga tayyorgarlik jarayonida raqibimizning shunday yengil va chaqqon harakatlari, taktik usullarini oʻrgangan edik. Buning evaziga hisobda yirik natijaga erishdik. Oxirida, albatta, biroz boʻshashdik va gol oʻtkazib yubordik. Umuman olganda, oʻyin uchun futbolchilarga katta rahmat aytaman.

- Oʻzgarishlar jamoangizga qanchalik naf berdi? Masalan, avvalgi oʻyinlarda Gʻani sher Qodirovni uchrashuv oxirida maydonga tushirardingiz. Bu safar esa unga birinchi taymdan imkoniyat berdingiz. Uning oʻyini qay darajada qovushdi? Oʻzgarishlardan qaysilari samara berdi, qaysilari esa kutilgan natijani keltirmadi, deb hisoblaysiz?

- Savolingizga umumiy tarzda javob bermoqchiman. Oʻyin davomida almashtirishlar amalga oshirganimizda, avvalo, markazda harakat qilayotgan yarim himoyachilarimizga biroz dam berishimiz kerak edi. Shu sababli markazda oʻyinga toʻliq moslashmagan, yetarlicha oʻyin amaliyotiga ega boʻlmagan futbolchilarni maydonga tushirishga majbur boʻldik. Chunki biz keyingi oʻyinga tayyorgarlikni allaqachon boshlab yuborgandik, hatto hozirdan boshladik, desam ham boʻladi.

Shuning uchun Gʻani sherga ayrim vaziyatlarda aniq paslar yetib bormadi. U yomon harakat qilmadi, gol urish uchun imkoniyati ham boʻldi. Biroz shoshildi va oʻz imkoniyatlaridan foydalana olmadi. Oʻylaymanki, almashtirishni amalga oshirishimiz kerak edi. Yana bir bor taʼkidlayman, bu taktik oʻzgarish edi.

- Ixtiyor aka, «Shoʻrtan» futbol klubining mavsumni muvaffaqiyatli yakunlash imkoniyatini qanday baholaysiz? Jamoa oldiga qoʻyilgan maqsadga erisha oladimi yoki vaziyat ancha qiyinmi?

- Vaziyatni ogʻir deb boʻlmaydi. Eng avvalo, oʻz oʻyinlarimizda koʻzlangan natijaga, yaʼni ijobiy natijaga erishishimiz kerak. Keyin nima boʻlishini koʻramiz. Bu — futbol, balki maqsadimizga yetib borarmiz. Buni vaqt koʻrsatadi.

- Jamoangizni «Jayxun»ga qarshi uchrashuvida jamoangiz birinchi taymda boshqacha, ikkinchi taymda esa biroz boshqacha oʻyin koʻrsatdi. Ikkinchi boʻlimda oʻyin surʼati pasaygandek tuyuldi. Buni nima bilan izohlaysiz?

- Aytganimdek, biz bu raqibga qarshi oʻyinga jiddiy tayyorgarlik koʻrdik. Ularning yaxshi jamoa ekanini yana bir bor taʼkidlab oʻtmoqchiman. Hisob 2:0 boʻlganidan keyin har qanday jamoa ham ehtiyotkorroq oʻynay boshlaydi. Biz ham oldinga harakat qilishni biroz kamaytirdik. Uchinchi golni urganimizdan keyin esa oʻyin surʼatini yanada pasaytirib, sekinroq harakat qila boshladik.

Shuningdek, ikkita markaziy oʻyinchini almashtirib, ularning oʻrniga boshqa pozitsiyalarda, asosan qanotda harakat qiladigan futbolchilarni markazga qoʻyganimizdan keyin uchrashuvning oxirgi qismi biroz asabiy kechdi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Sho'rtan Sho'rtan
Bugungi yangiliklar