22 – 26 oktabr kunlari Superliganing 25-tur o‘yinlari o‘tkaziladi. Barchaning diqqat-markazidagi o‘yin shubhasiz «Paxtakor» va «Neftchi» jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Bu chempionlik uchun kurashda juda muhim rol o‘ynaydi.
Muxlislar yaxshi bilgan futbolchi Shohrux Norxonov esa 25-turdagi juftliklar haqida quyidagicha munosabat bildirdi.
22 oktabr.
18:30. Bunyodkor – Mash’al
- Bu o‘yinda «Bunyodkor» favorit. Shu bois ular g‘alaba qozonadi, deb o‘ylayman. «Mash’al» esa bor e’tiborini yoshlarni o‘ynatishga va kelasi yilga tarkibni yoshartirishga qaratmoqda.
23 oktabr.
19:00. Paxtakor – Neftchi
- Bu turning markaziy uchrashuvi. Ko‘pchilikning fikricha, bu yil o‘yini ham bo‘lishi mumkin. «Neftchi» Kubokdan chiqib ketdi. Bitta sovrinni qo‘lga kiritish imkoniyati yo‘qoldi. «Paxtakor» esa Kubokdan chiqib ketgan. Chempionatda chempionlik uchun kurashyapti. Menimcha, ushbu to‘qnashuv haqiqatan yil o‘yini bo‘ladi. «Paxtakor» jiddiy tayyorgarlik va jiddiy «nastroy» bilan tushsa, minimal hisobda g‘alaba qozonadi. Lekin «Neftchi» ham jiddiy kurashadi. Ular oxirigacha qarshilik ko‘rsatadi. Chunki farg‘onaliklarni durang ham qanoatlantiradi. «Paxtakor» g‘alaba uchun borini beradi.
19:00. Buxoro – Surxon
- Ko‘rdingiz, «Buxoro» o‘tgan turda «Dinamo»ni yutib keldi. Navbatdagi uchrashuvga ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rishadi. Ammo «Surxon» ham juda yaxshi jamoa. Bosh murabbiyi Anvar aka G‘ofurovni yaxshi taniyman, o‘zim birga o‘ynaganman. Aqlli murabbiy. «Surxon»da yosh futbolchilardan zo‘r jamoa tuzib qo‘ydi. «Buxoro»ga qiyin bo‘ladi. Baribir ular o‘z maydonida o‘ynayotgani hisobiga g‘alaba qozonsa kerak.
24 oktabr.
18:00. Nasaf – So‘g‘diyona
- Bu ham yaxshi o‘yin bo‘ladi. O‘z maydonida o‘ynaydigan «Nasaf» favorit. Ammo «So‘g‘diyona» ham qarshilik ko‘rsatadi. Jizzaxliklar Kubok bahsidan ham chiqib ketishdi. Endi Qarshidagi uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rishadi. O‘ylashimcha, bellashuv «Nasaf»ning kichik hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlansa kerak.
25 oktabr.
16:00. OKMK – «Qo‘qon-1912»
- Bu uchrashuvda OKMK favorit, o‘z uyida o‘ynaydi. Mezbonlar yutsa kerak. Qo‘qonliklar ham qarshilik ko‘rsatadilar. Xavfli zonadan qochish uchun ochkolar to‘plashga harakat qilishmoqda. Menimcha, OKMK g‘olib bo‘ladi.
18:00. Qizilqum – Lokomotiv
- Favorit «Lokomotiv» desa ham bo‘ladi. O‘ylashimcha, bu jamoa Kubok chorak finalida «Neftchi»ga qarshi eng kuchli o‘yinini ko‘rsatdi. «Loko» yil davomidagi eng optimal tarkibi bilan eng yaxshi o‘yinini namoyish qila oldi. «Neftchi» stadionida va bunday muhitda qoyilmaqom o‘yin ko‘rsatgani uchun «Lokomotiv»ga qoyil qoldim. Chempion jamoani qanday mag‘lubiyatga uchratish kerakligini ko‘rsatib qo‘ydi. «Qizilqum» o‘z maydonida o‘ynagani uchun albatta qarshilik qiladi. Ular ham xavfli zonaga tushib qolmaslik uchun kurashayotgan jamoa. Andijondan g‘alaba bilan qaytgach, o‘zini bir muncha o‘nglab oldi. O‘ylashimcha, Navoiydagi uchrashuv durang bilan yakunlanadi.
18:15. Dinamo – Andijon
- Bu ham yaxshi o‘yin bo‘ladi. «Dinamo» o‘tgan turda uyida «Buxoro»ga yutqazib qo‘ydi. Shuning uchun bu safar samarqandliklar muxlislarini xursand qilib g‘alaba qozonsa kerak.
26 oktabr.
18:30. Xorazm – Navbahor
- «Xorazm» o‘z uyida yaxshi futbol ko‘rsatyapti. «Navbahor»ga qiyin bo‘ladi-yu, lekin hozirda kuchli uchlikka kurashishmoqda. Shu sababli namanganliklar mehmonda g‘alaba bilan qaytsa kerak.
Shohrux Norxonov: «Paxtakor» «Neftchi»ga qarshi o‘yinda g‘alaba uchun borini beradi»
Eksklyuziv
22 oktabr, 05:30
Erkin agent bo‘lib turgan futbolchi 25-turdagi juftliklar haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Foto: PFC Qizilqum