Bugun
45
O'zbek

Shaxmat olimpiadasi g‘oliblariga uy-joy, avtomobil va 200 ming dollardan beriladi

Boshqalar
29 sentabr, 09:42
    32
Parashaxmatchilar ham Prezident tomonidan taqdirlanadi.
Shaxmat olimpiadasi g‘oliblariga uy-joy, avtomobil va 200 ming dollardan beriladi
Фото: Prezident.uz

Samarqandda o‘tkazilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida g‘olib bo‘lgan o‘zbekistonlik shaxmatchilarga 200 ming dollar, uy va Volkswagen avtomobili beriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoalari a’zolari hamda ularning yaqinlari bilan uchrashuvda e’lon qildi.

Uchrashuvda Prezident shaxmat va parashaxmat olimpiadalarining g‘olib va sovrindorlari hamda ularning murabbiylarini rag‘batlantirish bo‘yicha qaror qabul qilganini ma’lum qilgan. Unga muvofiq, chempionlar Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidov uy-joy va avtomobil bilan taqdirlanadi.

«Albatta, mashina ham kerak-ku, lekin kelajak kelinlar uchun uy ham kerak», – deya hazil qildi davlat rahbari.

Shuningdek, jamoa murabbiylari Rustam Qosimjonov va Samandar Shermuhamadov ham avtomobil bilan mukofotlanishi qo‘shimcha qilindi.

Parashaxmatchilar Ahadxоn Kimsanboyev, Marsel Shoyusupov, Sardorbek Mamarajabov, Selbi Kakishova va Sirojiddin Zayniddinovga ham uy-joy va avtomobil beriladi.

Olimpiada chempioni bo‘lgan har bir shaxmatchi 200 ming dollar, ularning murabbiylari 50 ming dollar miqdorida pul mukofoti oladi. Bronza medalini qo‘lga kiritgan har bir parashaxmatchiga 50 ming dollar, ularning murabbiylariga 12 ming 500 dollardan beriladi.

«Shaxmatchi va parashaxmatchilarimiz bugunning o‘zidayoq yangi mashinalarini haydab, yangi uylariga kirib borishadi», – dedi davlat rahbari.

Bu mukofotlar faqat bugungi g‘alabaning e’tirofi emas, balki oldinda turgan yanada baland marralarga bildirilgan katta ishonch ramzi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

32 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar