Italiyaning mashhur «San Siro» stadioni bugun, 19-sentyabr kuni ochilganiga 100 yil to‘lganini nishonlamoqda. Arena ayni paytda Milanning ikki asosiy futbol klubi — «Inter» va «Milan»ning uy stadioni hisoblanadi.
Stadion dastlab faqat «Milan» klubiga tegishli arena sifatida faoliyat yuritgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin esa «Milan» «Inter» bilan stadiondan birgalikda foydalanishga rozi bo‘lgan. Shundan buyon arena ikki jamoaning tarixida muhim o‘rin egallab kelmoqda.

1979-yilda stadionga italiyalik mashhur futbolchi Juzeppe Meatsaning nomi berildi. U faoliyatining katta qismini «Inter»da o‘tkazgan bo‘lsa-da, «Milan» safida ham to‘p tepgan. Shu sababli stadionning yangi nomi Milan futboli tarixidagi ikki klub bilan ham bog‘liq bo‘lib qoldi.
«San Siro» o‘zining yuz yillik tarixi davomida ikki marta keng ko‘lamli rekonstruksiyadan o‘tkazilgan. Dastlabki yirik ta’mirlash ishlari o‘tgan asrning 50-yillarida, keyingisi esa 80-yillarda amalga oshirilgan.
Ma’lumot uchun, «San Siro» Milandagi «Inter» va «Milan» klublarining uy arenasi sifatida faoliyat yuritadi. Stadionning rasmiy nomi Juzeppe Meatsa stadioni hisoblanadi.
