Avstriyaning «Shturm» klubi yarimhimoyachisi Luka Vaynxandl faoliyatini tumanli Albionda davom ettirish imkoniyatiga ega, deya xabar berdi jurnalist Ekrem Konur o‘z akkauntida.
Manbaga ko‘ra, 17 yoshli yarimhimoyachining o‘yinlarini Londonning «Arsenal», Birminghemning «Aston Villa» va «Brayton» klublari diqqat bilan kuzatib bormoqda. Mazkur klublardan biriga o‘tish yanvar oyidagi transfer oynasida amalga oshirilishi mumkin. Ehtimoliy transfer summasi 20 million funt (23 million yevro)ga baholanmoqda.
Ma’lumot uchun, Avstriya chempionatining ushbu mavsumida Vaynxandl «Shturm» safida beshta o‘yin o‘tkazib, bitta sariq kartochka oldi.
Ichki chempionatning 6 o‘yinida 11 ochko jamg‘argan jamoa jadvalda 4-pog‘onani band etib turibdi. Yetakchi «Rapid» hisobida 18 ochko mavjud, ammo poytaxtliklar 7-tur o‘yinini ham o‘tkazishga ulgurgan.