«An Nasr» klubi va Portugaliya milliy jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu 2026 yildagi Jahon chempionati ishtirokchilari orasidagi eng ko'p maosh oluvchi futbolchilar reytingida birinchi o'rinni egalladi. Bu haqda Sportico nashri xabar berdi.
Ma'lumotlarga ko'ra, Ronaldu so'nggi 12 oy davomida soliqlar va agentlik komissiyalarini hisobga olmagan holda 295 million dollar daromad olgan.
Bundan 230 million dollari «An Nasr» bilan tuzilgan shartnoma hisobiga to'g'ri kelsa, yana 65 million dollari reklama va homiylik kelishuvlaridan kelib tushgan.
Reytingda ikkinchi o'rinni «Inter Mayami» hamda Argentina milliy jamoasi sardori Lionel Messi egalladi. U jami 140 million dollar daromad topgan bo'lib, bu mablag'ning 70 million dollari maydondagi faoliyatidan, qolgan 70 million dollari esa tijoriy loyihalar va reklama shartnomalaridan tushgan.
Kuchli uchlikni «Real» hujumchisi Kilian Mbappe yakunlab berdi. Fransiyalik forward 100 million dollar daromad qilgan bo'lib, shundan 70 million dollari maosh va mukofot pullari, 30 million dollari esa reklama shartnomalari hisobiga to'g'ri keladi.
Top-10 ro'yxatidan quyidagi futbolchilar ham o'rin olgan:
1. Krishtianu Ronaldu («An Nasr», Portugaliya) – 295 million dollar
2. Lionel Messi («Inter Mayami», Argentina) – 140 million dollar
3. Kilian Mbappe («Real», Fransiya) – 100 million dollar
4. Erling Holand («Manchester Siti», Norvegiya) – 80 million dollar;
5. Vinisius Junior («Real», Braziliya) – 60 million dollar;
6. Muhammad Saloh («Liverpul», Misr) – 55 million dollar;
7. Sadio Mane («An Nasr», Senegal) – 54 million dollar;
8. Riyod Mahrez («Al Ahli», Jazoir) – 53 million dollar;
9. Jud Bellinghem («Real», Angliya) – 44 million dollar;
10. Lamin Yamal («Barselona», Ispaniya) – 43 million dollar.