«Feyenoord» klubi vinger Ris Nelsonning transferini e’lon qildi.
Rotterdam klubi angliyalik 26 yoshli futbolchi bilan bir yillik bitim imzoladi. Futbolchi «Feyenoord»ga erkin agent sifatida qo‘shildi.
Ris 2021/22 yilgi mavsumda «Feyenoord»da ijara asosida o‘ynagan. O‘sha mavsumda u barcha turnirlar doirasida 32 ta uchrashuvda 4 ta gol va 7 ta golli uzatma qayd etgan. Shuningdek, «Feyenoord» bilan Konferensiyalar ligasi finaliga qadar yetib borgan.
Nelsonning «Arsenal»dagi faoliyati esa qariyb 18 yil davom etdi. U klub akademiyasiga 8 yoshida qo‘shilgan va 17 yoshida asosiy jamoada debyut qilgan. Londonliklar safida u jami 90 ta rasmiy o‘yinda maydonga tushib, 8 ta gol urdi va 9 ta golli uzatma amalga oshirdi. «Arsenal» bilan 2020 yilda Angliya Kubogini qo‘lga kiritgan.
Avvalroq u «to‘pchilar» bilan shartnomasini o‘zaro kelishuv asosida muddatidan oldin bekor qilgandi.