O‘zbekistonlik shaxmatchi Afruza Hamdamova yoshlar o‘rtasidagi blits yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Birlashgan Arab Amirliklarining Al-Ayn shahrida o‘tkazilgan FIDE World Junior Blitz Chess Championships U20 musobaqasida Afruza muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Hamdamova 13 tur davomida 9,5 ochko jamg‘arib, yakuniy turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egalladi va jahon vitse-chempioniga aylandi.
Musobaqada ishtirok etgan Umida Omonova 8,5 ochko bilan 6-o‘rinni egalladi. Nilufarxon Imomqo‘ziyeva esa 7 ochko jamg‘ardi.
«Mazkur natija yosh shaxmatchimiz uchun xalqaro maydondagi navbatdagi muhim yutuq bo‘ldi. Afruza Hamdamova kuchli raqiblar orasida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qildi», - deyiladi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi xabarida.