La Liganing yangi mavsumi boshlanishiga 20 kundan kam vaqt qoldi. 15 avgust kuni mavsumni ochib beradigan to‘rt jamoadan biri «Real Oviedo» bo‘ladi. Ammo bugun biz butun klubga emas, «ko‘klar»ning yuqori divizionga qaytishining asosiy sababchilaridan biri bo‘lgan va klub ramziga aylangan faxriyga to‘xtalamiz.
«Uning jamoa uchun ahamiyatini to‘liq baholab bo‘lmaydi. Uning jamoadagi o‘rnini ko‘ring. U — eng asosiysi», — dedi «Real Oviedo» prezidenti Martin Pelayes Diario AS nashriga bergan intervyusida.
Santi Kasorlaning tajribasi, ta’siri va obro‘-e’tibori, shubhasiz, klubning La Ligadagi o‘rnini saqlab qolish uchun kurashida muhim rol o‘ynaydi. Sizlarni so‘nggi ikki yil ichida 40 yoshli ispanning o‘z orzusini qanday amalga oshirganini bilib olishga taklif qilamiz. Orzu nihoyat 21 iyun kuni amalga oshdi — klub 24 yillik tanaffusdan so‘ng La Ligaga qaytdi.

Hammasi qayerdan boshlangan?
Kasorla Fonsio shahrida — Oviedodan atigi 10 daqiqa uzoqlikda tug‘ilgan. Austria klubiga bo‘lgan muhabbatni unga otasi Xose Manuel o‘tkazgan. Kasorla «ko‘klar» akademiyasiga 8 yoshida qo‘shilgan. Oviedolik murabbiy Markos Lopesning eslashicha, Santi «Kovadonga» futzal jamoasida o‘ynab, e’tiborni tortgan. «Juda kichik bo‘lishiga qaramay, bola juda chaqqon edi, dribblingni va o‘yinni qanday boshqarishni bilardi. U hammaning og‘zini ochib qo‘yardi», — deydi Lopes.
Santi 16 yoshida jamoaning Segundaga tushib ketganini ko‘rdi va 18 yoshida — asosiy tarkib uchun birorta ham o‘yin o‘tkazmasdan ketishga majbur bo‘ldi. 2012 yilda, «Oviedo» bankrot yoqasida turganida, butun dunyo bo‘ylab o‘tkazilgan kampaniya tufayli klub qutqarildi: atigi ikki hafta ichida ular 2 million yevro yig‘ishga muvaffaq bo‘lishdi. Klub dunyoning 125 mamlakatida aksiyadorlarga ega bo‘ldi. Santi Kasorla boshqa sobiq futbolchilar — Xuan Mata va Michu bilan birgalikda ushbu kampaniyaga katta hissa qo‘shdi. So‘ng 11 yildan keyin faxriy «ko‘klar» libosida maydonga tushish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

«Bu — men uchun o‘zgacha joy»
Kasorla bonuslarsiz, minimal maoshga rozi bo‘lib, klubni og‘ir vaziyatdan qutqarish uchun keldi. «Tekinga o‘ynagan bo‘lardim, lekin bu qonunan mumkin emas ekan», — dedi u. Santi, shuningdek, uning 8-raqamli liboslari savdosining 10 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri akademiyaga tushishini talab qildi.
Qaytgandan keyingi birinchi mavsumida Kasorla barcha musobaqalarda 26 ta o‘yin o‘tkazib, 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi, biroq 39 yoshli ispaniyalik futbolchiga ko‘pincha kichik jarohatlar to‘sqinlik qilardi. U «Oviedo»ga hal qiluvchi o‘yinlarda yordam bera olmadi: jamoa La Ligaga ko‘tarilish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi, pley-off finalida «Espanyol»ga imkoniyat boy berildi. O‘sha mavsumda Kasorla faoliyatidagi eng emotsional «gol»ni ham urdi. «Alkoron»ga to‘p kiritganidan so‘ng yarimhimoyachi muxlislar bilan nishonlash uchun yugurdi. Ular uni quchoqlashdi va Santi olomon orasidan chiqqanida, u o‘z shahri klubining emblemasini o‘pdi. Biroq VAR aralashdi va gol bekor qilindi. Hakam hatto buning uchun Santidan uzr so‘radi (aslida qoida bo‘yicha o‘z ishini to‘g‘ri bajargan).
«Bilasizmi? O‘sha lahzani mendan hech kim tortib ololmaydi, hatto VAR ham. Men tribunada odamlar bilan gaplashardim — his-tuyg‘ular haqiqiy edi. Men buni juda-juda uzoq kutgandim», — degandi Kasorla The Guardian nashriga.

Mavsum oralig‘ida faxriyning shartnomasi yana bir yilga uzaytirildi va 40 yoshga to‘lgan yarimhimoyachi sardorlik bog‘ichini oldi. «Oviedo» haqidagi gapiradigan bo‘lsak, «Oviedo» — bu Santi Kasorla. Jamoaning yuragi haqida gapiradigan bo‘lsak, bu — Santi Kasorla», — deydi 2024 yilning yozida «ko‘klar» safiga qo‘shilgan Kuasi Sibo. Ganalik futbolchi uchun Santi shunchaki mashhur faxriy emas, balki kumir edi. Garchi Sibo bolaligida «Chelsi»ga muxlislik qilgan bo‘lsa-da, uning «Arsenal»ni qo‘llab-quvvatlaydigan do‘sti har hafta Arsene Venger jamoasi o‘yinlarini ko‘rar va Siboni ham bunga majbur qilardi. «Arsenal» o‘yinlarini ko‘rish orqali tez orada Siboning yangi sevimli futbolchisi paydo bo‘ldi. 2023/24 yilgi mavsumda «Amorebieta»da o‘ynab yurgan ganalik yarimhimoyachi Kasorla bilan futbolkalarni almashtirdi. Keyinchalik, ta’til vaqtida vataniga qaytgan futbolchi Kasorla libosida do‘konga bordi va ijtimoiy tarmoqlardan biriga suratini joyladi.
Pley-offdagi muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng yangi mavsumda hammasi boshqacha bo‘ldi. Kasorla 2000 daqiqadan ko‘proq o‘ynadi (2023/24 yilgi mavsumda 1000 daqiqadan sal ko‘proq edi), Segundada 3 ta va pley-offda 2 ta gol urdi, shuningdek, 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi. «Bu yil men ko‘proq o‘yinlar o‘tkazdim, kamroq jarohat oldim», — deydi u. «O‘zimga juda g‘amxo‘rlik qilaman: ovqatlanish, dam olish, fizioterapevtlar va reabilitatsiya bo‘yicha mutaxassislar bilan kundalik ish. Men hech qachon jismonan kuchli futbolchi bo‘lmaganman, shuning uchun bolaligimdan biroz tezroq o‘ylashim va aqlliroq bo‘lishim, raqiblar bosim o‘tkaza olmaydigan joylarni topishim kerak edi», — dedi Kasorla The Athletic nashriga bergan intervyusida.

Jamoaning La Ligaga chiqishida faxriyning roli bebahо. «Mirandes»ga qarshi o‘yinda «Oviedo»ning remontadasini aynan Kasorla boshlab berdi. Birinchi bo‘lim oxirida «ko‘klar» penaltidan foydalanishdi: Santi to‘pni oldi, o‘pdi va zarbani golga aylantirdi – stadion zavqdan portladi. Ilyas Chayra gol urib, o‘yinni qo‘shimcha vaqtga o‘tkazdi. Portillo urgаn g‘alaba golini Kasorla zaxiradan kuzatib turdi. Yarimhimoyachidan his-tuyg‘ulari haqida so‘ralganda, u bir so‘z bilan javob berdi: «Asabiy». Ammo nihoyat orzu amalga oshdi: 24 yildan so‘ng «Oviedo» Primyeragа qaytdi.
Sports.ru saytidan tarjima