Hozirgi yosh avlod bu kunlarni qanchalik kutganimiz va bu voqea ayniqsa qirqdan oshgan avlod uchun qanchalik ahamiyatli ekanini tushunmasligi mumkin. Ammo ular bilishlari shart – O'zbekiston jahon chempionatiga chiqishini kutib, bu kunlarni ko'ra olmagan, armon bilan o'tib ketganlar talaygina.
Bilasizmi, o'sha kun keladi, deb har doim ishonagnmiz.
Ha, o'sha kun keladi, deb necha marta ko'zimizga yosh olgan avlodmiz.
O'sha kun keladi, deb takror va takror har to'rtlikning yakuniy saralashini kutib yashaganmiz.
Bugun esa o'sha kun. O'zbekiston milliy terma jamoasi o'z tarixidagi ilk jahon chempionati uchrashuvini o'tkazadi.
Bosh jamoamizga shunchaki muxlis bo'lib qolmaganman, vatan jamoasiga muxlislik taqdirimga bitilgan. Men uning ortidan tunlari uxlamay o'tirganman. Arablarning nayrangi-yu, yapon hakamlarining adolatsizligidan dadamning asabiylashganini ko'rib, ichkariga kirib o'kirib yig'lagan kunlarimni kechagidek eslayman.
Futbolga qiziqishim Badjoning omadsizligi bilan tugagan 1994 yildagi JCH bilan boshlangan, Zidanning qahramonligi bilan tugagan JCH-1998ni ham kechagidek eslasam-da, 2002, 2006, 2010, 2014, 2018 va 2022 yillari mundial saralashlari yuzimizga ajin, sochimizga oq tushishiga sabab bo'lgan.
Har safar bir narsa yetishmasdi.
Bir gol. Bir ochko. Bir oz omad. Va har safar orzu yana to'rt yilga ortga surilardi. Xafa bo'lasan, asabiylashasan, hatto “bas” deysan. Ammo keyin yana stadionga yoki TV qarshisida kutasan. Chunki bu sening jamoang. Bu sening bayrog'ing. Bu sening yurtang.
Kolumbiyaga qarshi o'yin shunchaki futbol emas. Bu 34 yillik orzuning ushalishi. Bu necha avlod muxlislarining orzusi. Bu terma jamoa uchun yashab o'tgan insonlarning umidi, armoni.
Bu bolaligida Mirjalol Qosimovni, Maksim Shatskixni, Server Jeparovni, Odil Ahmedovni ko'rib katta bo'lgan avlodning orzusi.
Bu bugungi Abduqodir Husonovlar, Eldor Shomurodovlar va ularning safdoshlari amalga oshirgan tarixtir.
Bugun hisob qanday tugashini bilmayman. G'alaba bo'ladimi, durang bo'ladimi yoki mag'lubiyatmi — bilmayman. Ammo bitta narsani aniq bilaman. Maydonga chiqadigan jamoa allaqachon g'olib. Chunki u butun bir millatning eng katta futbol orzusini ro'yobga chiqardi.
Bugun “Azteka”da madhiya yangraganda millionlab o'zbekistonliklar ekran qarshisida, kimdir Mexikodagi stadionda, kimdir Amerikada, kimdir Toshkentda, kimdir Samarqandda, kimdir qishloqdagi kichik televizori qarshisida oilasi, do'stlari davrasida qo'lini ko'ksiga qo'yib, baralla madhiyamizni kuylaydi.
Men esa xonamni yopib olib, TV qarshisida madhiya yangraganda o'tgan 30 yillik xotiralarimni ko'z o'ngimdan o'tkazishni xohlayman. Kamida 20 yil ortga qaytishni...
2005 yil...
Futbol kunlari uyda osh qilib, qo'ni-qo'shni va qarindoshlarni yig'adigan, O'zbekiston JCHda o'ynashini so'nggi nafasigacha kutgan rahmatli dadam...
«Jinlipu» televizorini ko'tarib keladigan rahmatli tog'am...
«Svet» o'chib qolsa-chi, deb «Jiguli»sining akkumulyatorini har ehtimolga qarshi ko'tarib keladigan qo'shnimiz marhum Sherali aka...
Ular bilan birga kuzatgan so'nggi saralash bosqichi Babayan murabbiyligida barbod bo'lgan JCH-2018 orzusi edi. O'shanda ular negadir qachonlardir mundialga chiqishimizga batamom umidlarini uzishgandi. Ko'p o'tmay birma-bir ularni so'nggi manzilga kuzatdik...
…8 yil o'tib, o'sha kun keldi. Bir necha soatdan keyin O'zbekiston milliy jamoasi jahon chempionatida debyut qiladi. Madhiyamiz paytida otamni, tog'amni, qo'shnim rahmatli Sherali akani xotirlab, osmon ga tikilgancha “Dada, to'ga, Sherali amaki – men bu kunlarni ko'rdim”, deya baqirgim keladi. Shu kunlarga yetkazganiga shukur. Orzumizga yetkazdi.
A.Shukurullaev