"Korintians" klubi va Memfis Depay oʻrtasida yangi shartnoma boʻyicha muzokaralar hozircha toʻxtab qolgan. Bu haqda Gazeta Esportiva nashri xabar bermoqda.
Manbaga koʻra, niderlandiyalik 32 yoshli hujumchi klub bilan shartnomasini yana ikki mavsumga uzaytirishni istamoqda. Shu bilan birga, u bir qator noodatiy shartlarni ham ilgari surgan.
Jumladan, Depay "Neo Kimika Arena"da shaxsiy VIP lozhaga ega boʻlish, stadiondan oʻz tadbirlarini oʻtkazish uchun foydalanish va ushbu tadbirlardan tushadigan daromadning 50 foizini olishni talab qilgan. "Korintians" rahbariyati ushbu shartlarga rozilik bildirgan.
Biroq klub hujumchining kelasi uch yil ichida klublar oʻrtasidagi jahon chempionatida gʻolib chiqsa, hatto oʻzi jamoani tark etgan boʻlsa ham, bonus olishni xohlagan. Bu shart klub tomonidan qabul qilinmagan.
Shuningdek, kelishmovchilik sovrinlar uchun beriladigan mukofot pullari masalasida yuzaga kelgan. Futbolchi vakillari Depay qoʻlga kiritilgan har qanday sovrin uchun ajratiladigan mukofot mablagʻining 20 foizini olishini talab qilmoqda. "Korintians" esa bunday bonus faqat futbolchi mavsum davomida jamoa oʻyinlarining kamida yarmida ishtirok etgan taqdirdagina toʻlanishi kerakligini ta'kidlamoqda.
Memfis hozirga qadar "Korintians" safida 79 ta uchrashuv oʻtkazib, 20 ta gol va 5 ta golli uzatma qayd etgan. Joriy mavsumda esa u 14 oʻyinda 1 ta gol va 1 ta assist muallifi boʻlgan.