Bugun
25
O'zbek

“Neftchi” Kojoni “Istiqlol”dan ijaraga olish bo‘yicha kelishuvga erishdi

Futbol
14 iyul, 01:54
Endi Farg‘ona klubi hujum chizig‘ida 4 legioner bor.
“Neftchi” Kojoni “Istiqlol”dan ijaraga olish bo‘yicha kelishuvga erishdi
Foto: Getty Images

“Dinamo” sobiq hujumchisi Joel Kojo Eron chempionatidan yana Superligaga qaytmoqda.

Tribuna.uz manbasiga ko‘ra, 26 yoshli futbolchi “Neftchi” bilan kelishuvga erishgan. Farg‘ona klubi legioner hujumchi uchun Eronning “Istiqlol” klubi so‘ragan ijara haqqi va futbolchining fors klubida olgan maoshini to‘lashga rozi bo‘lgan.

Kojoning oldida “Nasaf” varianti bo‘lgan, shuningdek u “Dinamo”ga qaytishga ham qarshi bo‘lmagan. Ammo faqatgina “Neftchi” Eron klubi so‘ragan ijara haqqi va futbolchining oylik maoshini to‘lashga rozilik bildirgan.

Tehronning “Istiqlol” klubida portugaliyalik yangi bosh murabbiy Rikardo Sapinto ish boshlagach, murabbiylar shtabi Qirg‘iziston milliy jamoasi hujumchisini ijaraga berishga qaror qilgan. Asli ganalik bo‘lgan hujumchiga “Nasaf” va “Neftchi” asosiy da’vogar edi.

Avvalroq “Neftchi” “Surxon” sobiq hujumchisi Silvanus Nimeli bilan ham kelishuvga erishgani xabar qilingandi.

Shu tariqa endi farg‘onaliklar hujum chizig‘ida 4 nafar legioner – Toma Tabatadze, Zoran Marushich, Silvanus Nimeli va Joel Kojo bor.

Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov mavsum boshida “Neftchi” oldiga chempionlik vazifasi qo‘yilishi va buning uchun barcha sharoitlar yaratilishini aytib o‘tgan edi. Klub Superliga 1-davrasidan keyin peshqadam “Nasaf”dan 3 ochkoga ortda qolgan holda 2-o‘rinni egallab turibdi.

Bugungi yangiliklar