Germaniya milliy jamoasi ustozi Yulian Nagelsman avvalroq jahon chempionati-2026dagi fotosuratchilardan arz qilgan hamkasbi, Angliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxelni qo‘llab-quvvatladi. Mutaxassis ular o‘yin startidan avval murabbiylar shtabini juda yaqindan suratga olishi, bu esa madhiya vaqtida futbolchilarni ko‘rish imkonini cheklashidan norozi bo‘lgandi.

«Bu borada shikoyat qila olamizmi yoki yo‘q, to‘g‘risi, bilmayman, lekin men Tomas Tuxelning fikriga qo‘shilaman. Milliy madhiya ijrosi — juda muhim palla. Bu futbolchilar bilan aloqa o‘rnatish uchun o‘zgacha imkoniyat. Bundesliga yoki Chempionlar Ligasi o‘yinlarida ham zaxira o‘rindig‘i oldida fotosuratchilar bo‘ladi, biroq bu yerda ular chindan juda yaqin joylashgan. Nazarimda, ularning ulkan obyektivlari hattoki burnimdagi tuklarni ham suratga oladi», — deya Nagelsman so‘zlaridan iqtibos keltirdi RMC Sport.