Live
1
O'zbek

Martin Boake: «Biz o‘z o‘yinimizni namoyish qilishimiz kerak. Muhimi shu»

Eksklyuziv
2 sentabr, 10:56
Tribuna.uz muxbiri Martin bilan suhbatlashdi.
Martin Boake: «Biz o‘z o‘yinimizni namoyish qilishimiz kerak. Muhimi shu»
Фото: Андижон ПФК

«Andijon»ning italiyalik hujumchisi Martin Boake o‘tgan turda qahramonga aylandi. U «Bobur arena»da «Xorazm» jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tgan uchrashuvda zaxiradan maydonga tushib raqib darvozasini ishg‘ol qildi va uning yagona goli «Burgutlar»ga uch ochko keltirdi.

Endilikda u jamoasi bilan «Paxtakor»ga qarshi o‘tadigan navbatdagi muhim bellashuvga jiddiy hozirlik ko‘ryapti. Muxlislar esa ushbu hujumchidan yana gollar kutishlari tabiiy. Boake o‘tgan turdagi goli va bo‘lajak o‘yin borasida bir qator savollarga javob qaytardi.

- Martin, hozirgi vaqtda «Paxtakor»ga qarshi muhim uchrashuvga tayyorgarlik jarayoni qanday kechmoqda?

- Bilasizmi, biz har doimgidek, yaxshi va qattiq mehnat qilyapmiz. O‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

- Uch uchrashuvlik diskvalifikatsiyadan so‘ng «Xorazm»ga qarshi bahsda maydonga qaytdingiz va jamoaga g‘alabani taqdim etgan yagona golni urdingiz. Zaxiradan maydonga tushayotganingizda gol urishingizni his qilganmidingiz?

- Men yaxshi o‘ynash va jamoaga yordam berishga e’tibor qaratdim. Xudoga shukr, gol urish imkoniyati berildi va men undan foydalandim. Albatta, jamoamning g‘alabasiga hissa qo‘shganimdan juda xursandman.

- Diskvalifikatsiya paytida motivatsiyangiz va g‘alabaga bo‘lgan intilishingiz yanada kuchaydimi?

- Yanada yaxshiroq harakat qilish uchun o‘zimni rag‘batlantiryapman. Chunki qizil kartochka olib, xato qildim. Shuning uchun buni doim yodda tutib, bundan keyin bunday xatolarni takrorlamaslikka va har doim yaxshiroq o‘ynashga harakat qilaman.

- O‘zbekiston chempionatida eng kuchli hujumchi kim, deb hisoblaysiz?

- Aytishim mumkinki, bu ligadagi barcha hujumchilar yaxshi. Birortasini ajratib ko‘rsatmayman.

- Chempionatimizda siz uchun noqulay himoyachilar bormi?


- Rosti, bilmayman (kuladi).

- «Paxtakor»ga qarshi uchrashuvdan nimalar kutyapsiz? Yana bir gol urishingizga qanchalik ishonchingiz komil?


- Keling, Xudo bizga nima berishini ko‘ramiz. Lekin biz o‘z o‘yinimizni namoyish qilishimiz kerak. Men uchun eng muhimi shu.

- Ayni paytda hisobingizda uchta gol bor. Chempionat yakuniga qadar nechta gol urishni xohlardingiz?

- Umid qilamanki, hali ko‘p-ko‘p gollar uraman.

Bugungi yangiliklar