Iroq chempionatida faoliyat olib borayotgan legionerlarimizdan biri Marlan Chobanov yakuniga yetgan mavsumda «Erbil» jamoasi sharafini himoya qilganidan xabaringiz bo'lsa kerak.
Albatta, u yerda hujumchimiz Sherzod Temirov o'zining to'purar salohiyatini namoyish qilgan holda barchaning e'tirofiga sazovor bo'ldi. Shu bilan birga uning jamoadoshi – Chobanov ham «Erbil»da o'zidan juda yaxshi taassurot qoldirishga erishdi.
Marlen Iroq yulduzlar ligasida 25 ta o'yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga 4 ta gol urdi va 4 bor sariq kartochka oldi. Umumiy hisobda u maydonda 2060 daqiqani o'tkazdi.
Etiborlisi shundaki, Chobanov bunga qadar faoliyatida faqat 3 marta to'p kiritgan. 2022 yili «Turan» safida O'zbekiston Kubogi va pro liga bahsida bittadan gol urgani bo'lsa, o'tgan yili Tojikistonning «Istiqlol» tarkibida bir bor raqib darvozasini ishg'ol qilgan. Iroqqa kelguniga qadar himoyachi hisobida 3 ta gol bo'lgan. Arab chempionati Marlenga shu qadar yoqqan shekilli, bir mavsumni o'zida himoyachi bo'lishiga qaramay, 4 marta to'p kiritishga muvaffaq bo'ldi.
Legionerimiz u yerda Temirov singari olqishlarga sazovor bo'ldi, maqtovlar eshitdi. Natijada unga qiziqish bilan qaragan klublar paydo bo'ldi. Iroq yulduzlar ligasida yakuniga yetgan mavsumda Chobanov o'z jamoasi bilan 3-o'rinni band etdi. Iroq chempionatida mavsumni 4-pog'onada yakunlagan «Al-Zavra» esa o'z mudofaa chizig'ini Marlen yordamida yanada kuchaytirmoqchi bo'ldi va buning uchun futbolchimizga aniq taklif bilan chiqdi. Natijada olib borilgan muzokaralar ijobiy yakun topdi.
transfermarkt.world portalida Marlen Chobanov «Al-Zavra» futbolchisi sifatida ko'rsatilmoqda. Unda yozilishicha shartnoma 2026 yilning 1 iyul kuni imzolangan, ya'ni, ikki kun muqaddam. Uning muddati esa 2027 yilning 30 iyun kuni deb ko'rsatilgan.
«Erbil»dagi yana bir legionerimiz – Sherzod Temirov shu yilning 1 iyulidan boshlab erkin agent maqomiga ega. Yaqinda misrlik jurnalist Tribuna.uz nashriga bergan intervyusida Sherzod Temirovga Misrning «Al Ahli» klubi qiziqayotgani haqida aytgandi.
Chempionatda 28 ta, Kubokda 1 ta gol urgani va yaqqol to'purarlikka erishgan legionerimiz oldida ko'plab variantlar bor. Shunisi aniqki, u «Erbil» bilan xayrlashdi. Keyingi manzilini esa tez orada bilib olamiz.