«Manchester Yunayted» rahbariyati yozgi transfer oynasida hujumchi Benyamin Sheshkoni sotmaslikka qaror qildi.
TEAMtalk xabariga ko‘ra, mankunianliklar 23 yoshli futbolchi bo‘yicha kelishi mumkin bo‘lgan takliflarni ko‘rib chiqishni ham rejalashtirmayapti.
Sheshkoga Ispaniyaning «Barselona» va Madridning «Atletiko» klublari qiziqish bildirgan. Biroq «qizil iblislar» futbolchini jamoaning kelajakdagi asosiy yetakchilaridan biri sifatida ko‘rmoqda.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, bosh murabbiy Maykl Kerrik sloveniyalik forvardga katta ishonch bildirmoqda va uni «Old Trafford»dagi uzoq muddatli loyiha markazidagi futbolchilardan biri deb hisoblaydi.
Shu sababli klub Sheshko transferi bo‘yicha muzokaralar olib bormaydi va futbolchini sotish variantini butunlay rad etgan.