Abu-Dabidan bo‘lgan «Manchester Siti» egalari klubni sotish ehtimolini ko‘rib chiqishi mumkin. Bu haqda Financial Times xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Angliya Premyer-ligasining moliyaviy qoidabuzarliklar bo‘yicha mustaqil komissiyasi chiqargan qarordan keyin ham klub egalari «Manchester Siti»ni boshqarishda qolishga qat’iy qaror qilgan edi. Biroq muxlislarning ushbu qarorga munosabati kutilganidan ko‘ra turlicha bo‘ldi.
«Manchester Siti»ning 2003-yilda lavozimini tark etgan sobiq raisi Devid Bernshteyn klub egalari kelajakdagi rejalarini qayta ko‘rib chiqishi mumkinligini ta’kidladi.
«Savol shuki, egalari klubga egalik qilishni davom ettirishni xohlaydimi? Avvallari bu ular uchun ajoyib reklama vositasi edi, ammo endi vaziyat falokatga aylandi», — dedi Bernshteyn.
Mazkur vaziyat Birlashgan Arab Amirliklarining Buyuk Britaniya iqtisodiyotiga kiritayotgan investitsiyalari kelajagi haqidagi savollarni ham yuzaga keltirdi. Biroq Britaniya hukumati vakillari BAA investitsiyalari mamlakatdan olib chiqib ketilishi ortidan jiddiy oqibatlar yuzaga kelishini kutmayapti.
Britaniya hukumatining bir amaldori «Manchester Siti» egalari mamlakat siyosiy tizimini tushunadigan jiddiy insonlar ekanini ta’kidladi. Hukumatning sobiq vakili esa BAA investitsiyalarining Buyuk Britaniyadan olib chiqib ketilishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni haddan tashqari bo‘rttirilgan deb baholadi.
Ma’lumot uchun, «Manchester Siti» egalari klubni sotish bo‘yicha rasman qaror qabul qilgani haqida xabar yo‘q. Financial Times materialida bu ehtimoliy ssenariy sifatida muhokama qilingan.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi