Live
5
O'zbek

«Ko‘p shaxmatchilar butun umr o‘ynab ham jahon toji uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Menda esa bu imkoniyat bor» — Sindarov

Boshqalar
22 noyabr, 13:39
    9
Jahon chempionligi uchun match 24-noyabr kuni boshlanadi.
«Ko‘p shaxmatchilar butun umr o‘ynab ham jahon toji uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Menda esa bu imkoniyat bor» — Sindarov
Фото: Getty Images

Jenevadagi BMT Millatlar saroyida shaxmat bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionligi uchun match oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju va da’vogar Javohir Sindarov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

Sindarov: «Jahon toji uchun kurashishdan juda xursandman. Ko‘p shaxmatchilar butun umr shaxmat o‘ynab ham bunday imkoniyatga ega bo‘lmaydi. Menda esa bu imkoniyat bor. Bu imkoniyatdan imkon qadar zavq olishga harakat qilaman».

Nomzodlar turniri oldidan o‘z imkoniyatini 15 foiz deb baholagan Javohirdan hozirgi match uchun qanday nisbatni tanlashini so‘rashdi.

«Menimcha, 50:50 deyish to‘g‘ri bo‘ladi. Bu juda qiyin match va 14 partiyada har narsa ro‘y berishi mumkin», - dedi Sindarov.

Gukesh: «Men unvonni qaytadan qo‘lga kiritish uchun keldim»

Gukesh Dommarajudan jahon chempionligi unvonini himoya qilish uni qo‘lga kiritishdan qiyinroqmi, deb so‘radi. Uning javobi qisqa va qat’iy bo‘ldi:

«Men bu yerga biror narsani himoya qilish uchun kelganim yo‘q. Men unvonni qaytadan qo‘lga kiritish uchun keldim».

Raqiblar bir-biri haqida nima dedi?

Gukesh Sindarovning barqaror va kuchli o‘yinini yuqori baholadi. Uning fikricha, Javohir hozir o‘zining eng yaxshi formasida va unga qarshi match haqiqiy sinov bo‘ladi.

Sindarov Gukeshning 2024-yildagi natijalarini «fantastik» deb atadi. Bu yil Tata Steel turnirida unga qarshi o‘ynaganida raqibining naqadar kuchli ekanini his qilganini aytdi. Shuningdek, uning oxirigacha kurasha olishini alohida e’tirof etdi.

Matchga ikki xil tayyorgarlik

Javohir Nomzodlar turniridan keyin ham ko‘p musobaqalarda qatnashganini tajriba orttirish istagi bilan izohladi. U faoliyatida bu darajadagi kuchli turnirlarda hali ko‘p o‘ynamaganini va o‘z qaroridan mamnun ekanini bildirdi.

Gukesh esa jamoasi bilan bu yilgi turnirlar sonini kamaytirishga qaror qilgan. U Sindarovning ko‘proq o‘ynaganidan hayron bo‘lmaganini aytdi.

Javohirning ma’lum qilishicha, matchga tayyorgarlikda unga Roman Vidonyak, Muhiddin Madaminov va Nikita Vitiugov yordam bermoqda. U jamoasining qolgan a’zolarini matchdan keyin oshkor qilishini aytdi.

Sindarovga kimlar yordam beradi?

Javohirning ma’lum qilishicha, matchga tayyorgarlikda unga Roman Vidonyak, Muhiddin Madaminov va Nikita Vitiugov yordam bermoqda. U jamoasining qolgan a’zolarini matchdan keyin oshkor qilishini aytdi.

Dommaraju esa Grzegorz Gajewski bilan ishlayotganini tasdiqladi. U ham boshqa yordamchilari haqida keyinroq aytishini bildirdi.

Bolalikda nimalardan voz kechgani haqida so‘ralganida Javohir o‘z iste’dodiga doim ishonganini, ammo 2025-yilgacha shaxmat ustida jiddiy ishlamaganini aytdi.

«Har qanday o‘yinda doim g‘alaba qozonishga intilaman. Shaxmat ustida jiddiy ishlashni boshlaganimdan keyin kuchaydim», dedi u.

U so‘nggi ikki yilda ko‘p mehnat qilganini aytib, bolalarga sevgan sohasida tinmay ishlashni maslahat berdi. Gukesh esa bolaligida maktabga deyarli bormaganini, ammo o‘z hayotidan minnatdor ekanini bildirdi.

Gukesh so‘nggi oylarda yodida qolgan maslahatni aytdi: «Kimligingni unutma». U bu so‘zlarni match davomida ham eslab yurishini bildirdi.

Sindarov esa qiyin paytlarda do‘stlari va oilasi birinchi bo‘lib yordam qo‘lini cho‘zishini, yaqinlarining qo‘llovisiz yuqori natijalarga erishish qiyinligini aytdi.

Javohir chempion bo‘lsa nima qilishi haqida hozircha hech qanday va’da bermaganini aytdi.

«Hozir faqat keyingi 20 kunga diqqatimni qaratib, o‘zimning eng yaxshi shaxmatimni ko‘rsatishni xohlayman. Keyin nima bo‘lishini ko‘ramiz», - deya Sindarovning so‘zlaridan keltiradi UzChess.

Jahon chempionligi uchun match 24-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan 19:00da Jeneva yaqinidagi Koloni shaharchasida, Marten Bodmer jamg‘armasi muzeyida boshlanadi. Match 14 partiyaga mo‘ljallangan bo‘lib, oxirgi klassik partiya 11-dekabr kuni o‘tkaziladi, zarur bo‘lsa, 12-dekabr kuni tay-breyk bahslari bo‘lib o‘tadi.

Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

9 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar