«Paxtakor» o‘z uyida «Andijon»ni ishonchli hisobda taslim qildi va o‘yindan keyin mezbonlar ustozi Kamoliddin Tojiyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Assalomu alaykum. O‘yin haqida keladigan bo‘lsak, uchrashuvni to‘liq o‘z qo‘limizda o‘tkazdik — birinchi bo‘limda ham, ikkinchi bo‘limda ham. Vaziyatlar yaratdik va imkoniyatlarimiz gol bilan yakunlandi, gol urdik. Undan oldingi o‘yinlarda vaziyat yaratib, gol ura olmay turgan edik, bu safar esa yaratilgan vaziyatlardan gol urdik va g‘alaba qozondik. Yigitlarga ham har doimgidek rahmat deyman. Bizda fidoyilik oxirigacha bo‘ldi, kurashishdi va g‘alaba qozondik.
⸻ Hisob 3:0, raqib bir futbolchi kam qoldi. Zaxiradan maydonga adashmasam bitta yosh o‘yinchi tushdi...
- Ular ham yoshlar ligasida juda qiyin o‘yin o‘tkazishdi. O‘zi jami o‘n bitta odamimiz bor. U-21 da ham ular kecha 1:2 yutqazib turgan paytda, oxiri 3:2 yutishdi. O‘shanda ham ular juda ko‘p kuch yo‘qotdi. Sardor ikkita gol urganiga, undan oldin ham gol urgandi, o‘shanga Sardorga imkoniyat berdik. Ular ham kecha ko‘p kuch yo‘qotdi. Ko‘plab yigitlar yoshlar milliy jamoasiga ketishgan edi.
- «Neftchi»ga qarshi o‘yin Kamoliddin Tojiyev uchun oxirgi imkoniyat deyilgandi. Lekin siz hali ham jamoani boshqaryapsiz. Umuman olganda, hozirgi holatda ishlash qanchalik qiyin bo‘ldi? O‘sha gaplar to‘g‘rimi edi?
- O‘tgan safar ham aytdim, bunaqa gap yo‘q, rahbariyatdan ham, hech qayerdan bunday gap bo‘lgani yo‘q. Bilmayman, kim buni qayerdan chiqardi, unday gap yo‘q edi. Jamoa yutqazmayapti-da. To‘g‘ri durang o‘ynab qo‘yyapmiz, hali ham chempionlik uchun kurashyapmiz. Bilmayman, qayerdan bu gap chiqdi.
- O‘zingiz uchun ishlash qanday bo‘lyapti? Bu gaplar hozir ta’sir qilmaydimi, bosim bormi?
- Hamma narsaga ahamiyat beraversa, qiyin bo‘ladi.
- O‘qimaysizmi, mediani?
- O‘qiymiz. Lekin biz faqat jamoaga, keyingi o‘yinga tayyorgarlikka e’tibor qaratib, o‘shaning ustida ishlaymiz.
- Muhammadrasul Abdumajidov transferi bo‘yicha. O‘shanda ham asosiy aybdor deb Kamoliddin Tojiyev ko‘rsatildi. Aslida nima bo‘ldi, rostdan klub uni qo‘yib yuborishni istamaganmidi?
- Birinchidan, klubga rasmiy xat kelgani yo‘q edi. Klub ham buni yozib chiqdi — rasmiy xat kelmadi, faqat agentidan xat keldi. Ikkinchidan, Rasulning o‘zi ham jamoani hozir tashlab ketishni xohlamadi, «Men qolaman», dedi. Uchinchidan, u yanvarda allaqachon shartnoma imzolab bo‘lgan va «Brest»ga ketadi, bir yilga ijaraga.
- Demak, qishda aniq ketadi hozirgi paytda?
- Ha, yanvarda aniq ketadi, bir yilga.
- Iroq «Paxtakor» translyasiyalarni xarid qilgan. Shundan keyin iroqlik futbolchilarda sermahsullik oshyapti. Bu tasodifmi yoki...
- Ularga ham aytaman: «Sizlarni Iroqda ham ko‘rsatishyapti, chiqib yaxshi o‘ynashlaring, o‘zingizni ko‘rsatishlaring va jamoaga yordam berishlaring kerak», deb. Bundan oldin Bashar ham gol urardi, Zayd ham gol urgan.
- Kamoliddin aka, sizni va «Paxtakor» rahbariyatining qarorlarini tanqid qilayotganlar bor: Hamraliyev, Xolmatov, Azmiddinov kabi futbolchilarni berib yubordi, eronlik esa jarohat olib qoldi. Nega ularni qo‘yib yuborib, Abdumajidovni qo‘yib yubormadi, deyishyapti...
- Bizning transfer oynamiz yopilgandan keyin chiqishdi. Undan oldin rasmiy xat bilan chiqqanida biz hech qachon ushlab o‘tirmaymiz. Biz har doim qo‘yib yuboramiz. O‘tgan yili ham Muhammadrasulni mavsum o‘rtasida Belgiyaga qo‘yib yuborgandik. Shunchaki, bu safar shunday vaziyatga tushib qoldiki, transfer oynasi yopilib bo‘lgan edi. Undan oldin aytishganda, biz Hamraliyevni qo‘yib yubormasdik, Azmiddinov bor edi, uni bemalol qo‘yib yuborardik. Bunga rasmiy xat kerak, klubga rasman murojaat qilish kerak.
- Vladimir Nazarov milliy jamoaga borib yuradigan darvozabon edi. Menimcha, o‘sha «Neftchi»ga qarshi Superkubokdagi xatosidan keyin ancha o‘ynamay qo‘ydi. Adashmasam, may oyidan beri o‘ynamayapti. Shu haqida nima deysiz?
- Unga ham imkoniyat beramiz. U ham mashg‘ulotlarda ishlayapti, xafagarchiligi yo‘q. Ishlayapti, kutyapti. Biz ham uni ko‘ryapmiz va unga imkoniyat beramiz, u ham o‘ynaydi. Hali o‘yinlarimiz ko‘p.
- Klub rahbari Jahongir Ortiqxo‘jayev «Paxtakor»da qoladigan bo‘ldimi yoki ketadimi? Hali rasmiy xabar chiqmadi.
- Jahongir Ortiqxo‘jayev hali ham biz bilan klubda, hamma joyda birgamiz. Gapirishyapti ketdi deb, lekin rasman ketganlari yo‘q, hamon klubda.
- «Neftchi» — «Nasaf» o‘yini natijasini bilib turganmidingiz?
- Yo‘q, faqat birinchi bo‘limdan keyingi hisobni bildim. Bizning oldimizda o‘z o‘yinimiz turibdi, o‘zimizning o‘yinlarimizni yutsak bo‘ldi.
- «Nasaf»dan shunday g‘alabani kutganmidingiz?
- Yo‘q, kutmagandik», - deya Tojiyevning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.