Diogu Jotaning o‘limiga olib kelgan avtohalokat sabablari ma’lum bo‘ldi.
Avvalroq fojia payshanba tongida Ispaniyaning Zamora provinsiyasidagi shosseda yuz bergani haqida xabar berilgandi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, "Liverpul" va Portugaliya milliy jamoasi vingerining mashinasi yo‘ldan chiqib ketib, so‘ng yonib ketgan.
BBCning Ispaniya fuqarolik gvardiyasiga tayanib xabar berishicha, Jota va uning ukasi Andre haydab ketayotgan Lamborghini boshqa avtomobilni quvib o‘tish chog‘ida shinasining yorilishi natijasida yo‘ldan chiqib ketgan va so‘ng yonib ketgan.
"Bizda bor ma’lumotlarga ko‘ra, Lamborghini yo‘l-transport hodisasiga uchragan va quvib o‘tish vaqtida shinasining yorilishi sabab yo‘ldan chiqib ketgan.
Voqea bugun, soat 00:30da Zamora provinsiyasidagi Sernadilla munitsipalitetida yuz berdi.
Mashina yonib ketdi va ikki yo‘lovchi halok bo‘ldi", — dedi Fuqarolik gvardiyasi.
Fuqarolik gvardiyasidan voqeada halok bo‘lganlarning shaxsi so‘ralganda: "Futbolchi (Jota) va uning ukasi Andre Silva", — deb javob berilgan.
Ma’lumot uchun, Jotaning ukasi Andre Portugaliya ikkinchi ligasida "Penafiel" klubida o‘ynagan.