Super og'ir vaznda IBF, WBA, WBO va IBO kamarlari bo'yicha sobiq jahon chempioni, britaniyalik Entoni Joshua hamyurti Tayson Fyuri bilan jang qilishga tayyorligini bildirdi.
«Turki yana ba'zi ishlarni tugatishi kerak, keyin kelasi oyda nima bo'lishini ko'ramiz. Fyuri — Mahmudov jangini ko'rganimdan so'ng shuni ayta olamanki, Tayson bilan jang men uchun shunchaki tayyorgarlik jangiga aylanishi mumkin. Va o'zimni tayyor deb his qilayapman. Uning jag'ini sindirmoqchiman.
Men hech kimdan qochmayman. Faqat hayotimda jiddiy voqealar sodir bo'lyapti. O'zimga e'tibor qarataman, chunki jiddiy va juda kuchli jangchiman. Fyurini ursam, unga oson bo'lmaydi. Biroz tanaffus qilib, o'zim uchun eng yaxshi bo'lgan ishni qilishim kerak. Oilam bilan bog'liq ayrim masalalarni hal qilyapman. Bunday holatda million marta bo'lganman. Rostini aytsam, ringga qaytmagunimcha, jang bo'lmaydi. Men allaqachon Uaylder va Fyuri bilan uch yoki to'rt marta jang qilishim kerak edi», — deya 36 yoshli bokschining so'zlarini keltiradi The Ring.
Avvalroq Fyuri Mahmudov ustidan g'alabadan so'ng Joshuani jangga chorlagandi.
