«Bunyodkor»ga Ivan Boshkovich yana bosh murabbiylikka qaytgach, ilk o‘yinin «Surxon»ga qarshi o‘tkazdi. Ammo omadsiz chiqdi va 0:1 hisobida «Bunyodkor» mag‘lub bo‘ldi. O‘yindan keyin Boshkovich matbuot anjumanida ishtirok etdi.
— Avvalo, barchangizga salom aytaman. Futbolni, O‘zbekistonni ham biroz sog‘inib qolibman. O‘yin haqida nima deyishim mumkin? Kecha o‘yinga tayyorgarlik jarayonida raqibni yaxshi tahlil qildik. Bugun sizlar «Bunyodkor» avval qanday futbol o‘ynagan bo‘lsa, shunga o‘xshash o‘yinni ko‘rdingiz, deb o‘ylayman.
Men talab qilgan narsalar — jamoaning yaxshi tashkil etilgani, intizomli harakat qilishi edi. To‘pni olib qo‘yganimizdan keyin tezkor hujumlarga chiqishni kutdik. Bir necha marta buni amalga oshira oldik. Gol urish uchun biroz omad yetishmadi. Ammo eng muhimi — maydonda jamoani ko‘rdim. Yigitlar taslim bo‘lishmadi, oxirigacha o‘ynashdi. Bugun biz uchun eng muhimi yutqazmaslik edi.
Albatta, qizil kartochka ham biroz ta’sir qildi. Maydonda bir kishi kam bo‘lishi, o‘zingiz tushunib turibsiz, o‘yinga ta’sir qiladi, himoyalanishni qiyinlashtiradi. Lekin futbolchilarimga hech qanday e’tirozim yo‘q. Menimcha, ular yaxshi o‘ynashdi, sifatli futbol namoyish etishdi.
Biz ishlashda davom etamiz. Qo‘lni tushirib qo‘ymaymiz. Oldimizda hali o‘nta o‘yin bor — bu 30 ochko degani. Har bir uchrashuvda o‘z ochkolarimiz uchun kurashamiz. Vaziyatni to‘g‘rilash mumkin, men bunga ishonaman. Shuning uchun ham bu yerga keldim.
— Jurnalistlar yozgan xabarlarga ko‘ra, sizning shartnomangiz bir necha kun davomida hatto ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. Keyin keldingiz va kechagi o‘yin oldidan mashg‘ulot ham bo‘lmagani haqida yozishdi. Umuman, ushbu uchrashuvga tayyorgarlik jarayoni qanday o‘tdi? Shuningdek, klub rahbariyati bilan jamoaning qolgan o‘yinlari, ya’ni oldindagi 30 ochko haqida nimalarni muhokama qildingiz? Balki jadvaldagi o‘rinni to‘g‘rilash mumkin. Hozir besh ochkolik uzilish bor, bu mag‘lubiyat ham vaziyatni og‘irlashtirdi. Asosiy maqsad — Superligada qolish. Buni qanday amalga oshirish mumkin?
— Keyinroq ko‘ramiz, Xudo xohlasa. Bizda kuch borligiga ishonaman. Oxirigacha kurashamiz, taslim bo‘lmaymiz. «Bunyodkor» avval ham qiyin vaziyatlarni boshidan o‘tkazgan. Menimcha, klub har doim bunday holatlardan chiqish uchun kuch topa olgan. Bu safar ham shunday bo‘ladi. Tayyorgarlikka keladigan bo‘lsak, maydonda ko‘p ishlash uchun vaqt bo‘lmadi. Lekin raqibni yaxshi tahlil qildik. Jamoaning kuchli tomonlaridan foydalanishga harakat qildik. Raqibning ba’zi vaziyatlarida o‘zimizning tezligimizdan foydalanmoqchi bo‘ldik. Menimcha, bu bir necha marta samara berdi. Eng muhimi, futbolchilarim murabbiy sifatida qo‘ygan talablarimni bajarishdi. Bu menga yoqdi. Menimcha, bu futbolchilar bundan ham yaxshiroq natijaga loyiq. Hozir ayrim futbolchilarimiz jarohatlangan. Tajribali futbolchilar qaytib kelganidan keyin o‘yin sifatida ko‘p narsa yaxshilanadi, deb o‘ylayman. Shuning uchun ishlashda davom etamiz.
— Hozirgi vaziyat... Tez orada Superliganing boshqa jamoalaridagi holatni ham ko‘ramiz. Men sizning futbolga bo‘lgan muhabbatingizni juda yaxshi tushunaman. O‘zingiz aytganingizdek, futbolni sog‘ingansiz. Lekin moliyaviy tomon ham odamlar uchun juda muhim. Har bir futbolchining oilasi bor. Shuni hisobga olgan holda, klub moliyaviy jihatdan yo‘qolish arafasida turgan bir paytda sizning «Bunyodkor»ga kelishingizda qanday motivatsiya bo‘ldi? Nima sizni shunday vaziyatda klubga kelishga undadi?
— Qarang, men bu muammolar haqida ancha oldindan eshitib kelganman. Sizlar ham bilasizlar, hamma bu yerdagi vaziyat qiyinligini yaxshi biladi. Lekin men «Bunyodkor»da uch yil ishlaganman va hozirgi vaziyatda jamoaga yordam berishni o‘z burchim deb his qildim. «Bunyodkor»ni bunday vaziyatdan olib chiqish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman. Hozir esa menimcha, e’tibor faqat shu tomonga qaratilib qolgan. Men hozir futbolchilarning maydonga chiqib, futbol haqida o‘ylashlari uchun harakat qilmoqchiman. Ular futbol haqida o‘ylashlari kerak. Keyin vaqt keladi — dekabr oyi keladi va shunda futbolchilar bilan bog‘liq masalalar, keyin nima bo‘lishi haqida gaplashamiz. Hozir dekabrgacha bizning qo‘limizda bo‘lgan narsa — birlashish va bor kuchimizni berish. Bugun ham shunday qildik. Men xotirjam uxlay olaman. Nega? Chunki futbolchilar bugungi o‘yinda bor imkoniyatlarini ishga solganiga ishonaman.
Yana bir bor aytaman: men futbol haqida gaplashishni xohlayman. Bunday savollar va rahbariyat bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish vaqti ham keladi. Bugun maydonda diqqatini bir joyga jamlagan va yaxshi tashkil etilgan jamoani ko‘rdim. Albatta, qiyinchiliklar orqali sportda buyuk sportchilar yetishib chiqadi. Hayotda ham shunday: inson qiyinchiliklarga duch kelganda o‘sadi. Shuning uchun men bu vaziyatda ko‘plab yosh futbolchilar uchun o‘sish, rivojlanish va o‘zini ko‘rsatish imkoniyatini ko‘ryapman. Men nima qilish kerakligini bilaman. «Bunyodkor» bu vaziyatdan chiqishi va Superligada qolishi kerak. Bu asosiy maqsad. Oldimizda hali uch oy bor. Vaziyatni to‘g‘rilash uchun juda ko‘p ishlashimiz kerak.
— Jamoada pasayish bo‘lishi mumkin, odatda bunday vaziyatlarda murabbiy almashadi va jamoada hamma narsa o‘zgaradi, g‘alabalar boshlanadi. Bu emosional ko‘tarilish bo‘ladi. Shunday holatda biz ham o‘zgarishlarni kutyapmiz…
— Men ijobiy jihatlarni ko‘rdim. Kutganimdan ancha ko‘proq ijobiy narsalar bor. Hayajon bor edi, albatta, hayajon ko‘p bo‘ldi. Lekin futbolchilar sovuqqonlikni saqlay olgani, yuragi bilan o‘ynagani uchun ularga rahmat aytaman. Siz «pasayish» dedingiz. Qaysi ma’noda pasayish? Futbolchilarning sifatiga real qarasak, ular malakali futbolchilar, lekin jamoa juda yosh. Shuning uchun buning barchasini hisobga olish kerak. Menimcha, jamoada o‘yin jihatidan jiddiy pasayish bo‘lmadi. Lekin psixologik holat natijaga ta’sir qiladi, deb o‘ylayman. Shuning uchun kayfiyatni ko‘tarish, futbolchilarni rag‘batlantirish va motivatsiya berish ustida ishlaymiz. Avval ham aytdim, yana takrorlayman: bu ko‘plab futbolchilar uchun o‘zini ko‘rsatish va futbolchi sifatida o‘sish uchun katta imkoniyat. «Bunyodkor»dan avval ham qiyin vaziyatlarda yaxshi futbolchilar yetishib chiqqan. Ko‘rib turganingizdek, qiyinchilik bor joyda o‘sish uchun ham muayyan imkoniyat bo‘ladi.
— Katta pul bo‘lganda, menimcha, ko‘pchilik yosh futbolchilar haqida o‘ylamay qo‘yadi. Masalan, o‘tgan yillari «Bunyodkor»da ham qancha legionerlar bo‘lgani, jamoa qurilgani haqida gapirildi. Umuman, ko‘p pul bo‘lganda hech kim yoshlar haqida o‘ylamaydi. Pul qolmaganda esa, «yoshlarga imkoniyat berish kerak», degan gaplar boshlanadi. Sizningcha, bu muammoning sababi nimada? O‘zbekiston klublarida yosh futbolchilarga munosabat qanday bo‘lishi kerak?
— Barcha klublarda muayyan strategiya bo‘lishi kerak. Buni o‘zingiz ham aytdingiz. Strategiya yoki reja ko‘p jihatdan mablag‘ga bog‘liq. Hatto reja bo‘lmasa ham, vaziyat o‘zgarishi bilan hamma narsa o‘zgarib ketadi. «Bunyodkor»da boshqa klublardagidek katta mablag‘lar yo‘qligini hisobga olish kerak. Albatta, klubda akademiya bor va tayyor bo‘lgan yosh futbolchilarga har doim imkoniyat berishga harakat qilish kerak. Boshqa klublar esa o‘z strategiyasini belgilashi kerak. Har bir klubning vazifasi har xil. Rahbariyat o‘zgaradi, keyin pul paydo bo‘ladi, bir yilda vazifa Superligada qolish bo‘lsa, keyingi yil chempionlik maqsadi qo‘yiladi. Shuning uchun bu savolni aynan klub rahbariyatlariga berish kerak. Klublar o‘z rejasi va strategiyasini belgilab olishi lozim. Uzoq muddatli reja bo‘lishi va shu asosda ishlash kerak. Biz, murabbiylar esa rahbariyat qo‘ygan talablarni bajarishimiz kerak. Hozir biz shunday vaziyatdamizki, eng muhim vazifamiz — Superligada qolish.
Kim o‘ynaydi? Qo‘limizda kim bor? Men eng yaxshi tarkibni tanlayman. Futbolchining yoshiga qaramayman. Hozir ayni shu paytda, jamoani qutqarish va ochkolarni qo‘lga kiritish uchun kim kerak bo‘lsa, o‘sha futbolchi maydonga tushadi.
— Oxirgi savol. Hozir siz «Bunyodkor»ga keldingiz. Nega avvalgi murabbiylardan keyin aynan siz taklif qilindingiz, degan fikrlar bor. Shunday qarash ham borki, sizning «Bunyodkor»ga qaytishingizga sabab — sizning murabbiylar shtabidagi yordamchingiz «Bunyodkor» rahbariyatidagi Murod Aliyevning o‘g‘li ekani. Bu qanchalik bog‘liq? Bilasiz, o‘zbeklarda tanish-bilish orqali ish bitirish degan tushuncha bor. Balki sizlar qayerdadir tanish bo‘lganingiz uchun shu qaror qabul qilingandir, degan gaplar ham bor. Bu haqda nima deysiz?
— Odamlar har doim gapirishadi. Men esa o‘z ishim bilan shug‘ullanaman. Hozir ham, avval ham shunday fikrda bo‘lganman: bizni natija qutqaradi. Natija bo‘lmasa, sen haqiqatan ham qiyin vaziyatga tushasan. Lekin natija bo‘ladi. Men bu yerga keldim. Odamlar xohlagan gapini gapiraversin. Men uchun eng muhimi — o‘zim bilaman va ishonamanki, bu safar ham, avvalgidek, vazifamni bajara olaman. Shuning uchun odamlar nima xohlasa, shuni gapiraversin. Bu yerda meni hech narsa bezovta qilmaydi va ishimga xalaqit bermaydi. Klubda, murabbiylar shtabida biz bilan ishlaydigan mutaxassis bor. U yaxshi mutaxassis, men bunga ishonaman. Biz olti yildan beri birga ishlaymiz. Avval ham hamkorlik qilganmiz. U yaxshi inson va yaxshi mutaxassis bo‘lgani uchun birga ishlayapmiz. Men unga ishonaman, u menga yordam beradi. Avval ham natija uchun birga ishlaganmiz. Shuning uchun hamkorligimizni davom ettiryapmiz», - deya Boshkovichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.