«Paxtakor» klubi o‘z uyidа «Andijon»ni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bellashuvdan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar ustozi Islom Ahmedov jurnalistlarning savollariga javob berdi.
- Assalomu alaykum. Alamli mag‘lubiyatga uchradik. Buning uchun Andijondan tashrif buyurgan muxlislarimiz oldida uzr so‘raymiz. O‘yinga keladigan bo‘lsak, o‘ziga xos reja qilgandik. Birinchi taymda hisobni ushlab turgan holda ikkinchi taymda yangi kuchlarni qo‘shib, harakat qilamiz, deb shunday reja asosida ishlagan edik. Lekin 20-daqiqagacha o‘yinchilarimiz yaxshi o‘ynadi. Ana shu bitta burchak to‘pidan gol o‘tkazib yuborganimizdan keyin hammasi buzilib ketdi — rejamiz. Ortidan ikkinchi golni ham o‘tkazib yubordik. Bolalar muvozanatni yo‘qotib qo‘yishdi. Shuning hisobidan ko‘p narsani topshirib qo‘ydik. O‘rtani berib qo‘ydik. Ikkinchi taymda yangi kuchlarni maydonga tushirish holatida rejamiz bor edi. Yana qizil kartochka kutilmaganda rejamizni buzib yubordi.
⸻ Sizning jamoangizni kuzataman, ko‘raman, jangovor xarakter bilan va har doim siz faqat hujumda o‘ynaysiz. Lekin ba’zi joylarda sizning jamoangizga balans yetishmayapti. Shuning evaziga qandaydir salbiy natijalar kuzatilmayaptimi?.
- To‘g‘ri aytyapsiz. Agar hisob 0:0 shunday holatda bo‘lganda, ya’ni siz aytgandek, tavakkalchilikka yo‘l qo‘ymasdan, himoyachini tushirib, o‘sha hisobni saqlab qolish mumkin edi. Lekin biz endi 0:2 hisobida yutqazayotgandik. Shuning uchun baribir oldinga o‘tmasak bo‘lmas edi. Hujum qilib, hisobni tenglashtirishga, tavakkalchilik qildik.
- To‘g‘ri aytyapsiz, lekin “Paxtakor”ga qarshi birinchi uchrashuvda 0:0 hisobi qayd etilgandi va o‘shanda siz markaziy himoyachi Chalasan chetlatilgach, baribir hujum haqida o‘ylagandingiz...
- Unda bizda Aleksandr Andronikashvili bor edi. U shunday pozisiyada, ya’ni oxirgi himoyachi bo‘lib o‘ynay olardi. Chunki u avvalgi jamoasida shu pozisiyada o‘ynagan. Shuning uchun uni pastga tushirib turib, ya’ni oldiga o‘yinchi chiqarardik. Bu o‘yinda yutqazayotgandik, shuning uchun endi himoyani ushlagandan ko‘ra, tavakkal qilib, oxirigacha kurashdik, baribir 2:0 ga yutqazdingizmi, 3:0 ga yutqazdingizmi, baribir mag‘lubiyat. Shu bois hujumlar qilib, hisobni yaqinlashtirishga harakat qildik.
- Afsuski, bu safar yana qizil kartochka bo‘ldi. Balki asosiy tarkibda Artyom Potapov emas, balki Eldor Adhamov tushganida vaziyat boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi. Bunga fikringiz qanday?
- Darvozabonlar bo‘yicha murabbiyimiz bilan maslahatlashamiz. Darvozabonlar murabbiyi bor. Oxirgi o‘yinlarda Potapov yaxshi turayotgandi. Darvozasi daxlsizligini saqlayotgandi. Yaxshi turgan darvozabonni almashtirib yuborish noto‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylagandik. Shuning uchun unga imkoniyat bergandik.
- Dragan Cheran nega zaxirada qoldi?
- Rejamiz bo‘yicha Draganni maydonga tushirish bor edi. O‘yindan oldin o‘zi gaplashgandik, ikkinchi taymda u bilan kuchaytirishni reja qilgan edik. Lekin qizil kartochka hammasini o‘zgartirib yubordi. Bizda Bekzod Sulaymonov ham bor va u himoyachi rolida ham o‘ynay oladi, hujumga borib-kelib o‘ynaydi. Shuning uchun shu o‘yinchini tushirishga tushirdik-da. Qizil kartochka hamma rejamizni buzib qo‘ydi.
- Birinchi davrani olib qaraydigan bo‘lsak, Birinchi davrda Babayan keldi. 6 ta o‘yin o‘tkazdi. 2 ta g‘alaba, 4 ta mag‘lubiyat bo‘ldi. Siz «Qo‘qon-1912» bilan o‘yindan boshladingiz. O‘rtamiyona jamoalarga qarshi barqaror ochko to‘pladingiz. Mana, ikkinchi davra boshlandi, «Neftchi»ga, «Paxtakor»ga imkoniyat boy berildi. Islom Ahmedov effekti faqat o‘rtamiyona jamoalar uchunmi yoki katta jamoalarni ham yuta oladimi?
- Birinchi davrada «Bunyodkor» bilan o‘ynaganimizda, ular uchinchi o‘rinda edi va yaxshi jamoa edi. Masalan, «Xorazm» ham uncha pastda emas edi. Birinchi davradagi «Paxtakor» yoki «Neftchi» bilan o‘yinni solishtiradigan bo‘lsak, natija bo‘yicha yutqazdik. Lekin o‘yin bo‘yicha, hujumkorlik, to‘p nazorati bo‘yicha yaxshiroq edik. Ya’ni, yutqazishni yutqazishdan farqi bor. Hujumlar qilyapmiz, to‘p nazorati bor, har xil harakat qilyapmiz, qayerdadir o‘zimizning xatolarimizdan ham gol o‘tkazib yuborib, shunday bo‘ldi. «Neftchi» bilan ham birinchi taym yomon o‘ynaganimiz yo‘q. Unda hamma tomonlama ustunlik qildik. Faqat aytganimizdek, yana qizil kartochka hisobiga yutqazgandik.
- Birinchi davraga nisbatan o‘yin uslubi o‘zgardi, harakat ko‘paydi, nisbatan tezlik qo‘shildi. Jamoani «qurol» bormi? Misol uchun, Xomyakov paytida standartlarda xavfli edi. Ikkinchi qavatda imkoniyat bermasdi. Hozir «Andijon»ni «qurol» bormi?
- To‘g‘ri aytyapsiz. Bizda bo‘ydor o‘yinchilarimizdan Boake va Cheran bor. Lekin Dragan ko‘proq orqaroqdan pas beradi. Shuning uchun shu o‘yinchilarimizning kuchli tomoni — ular to‘pni yaxshi nazorat qila oladi. Intellekti yaxshi. Futbolchilarimizning salohiyatidan kelib chiqib, kesuvchi paslar, oralardan uzatiladigan paslarni qo‘llaymiz. Standart holatlardan ham ikki-uchta jamoaga gol urganmiz. Biz ko‘proq to‘p nazorati, hujumkorlikka e’tibor beryapmiz.
- Potapov o‘rtamiyonalarga qarshi yaxshi o‘ynadi. Eldor Adhamov jamoani asosiy darvozaboni, jamoa kuchli raqib bilan o‘ynayotgandi. Yana uni asosiy tarkibda tushirsa bo‘lmasmidi?
- Agar hamma narsani oldindan bilganimizda, shunga tayyorgarlik ko‘rardik. Oldindan hech narsani bila olmaysiz. Masalan, qilgan rejalarimiz o‘xshamadi. Chunki o‘yin buzilib ketdi. Boshqacha reja qilgandik. Kutilmaganda boshida ikkita gol o‘tkazib yubordik, ikkinchi taymda keyin darvozabonimiz qizil kartochka olib qoldi. Rejalarimiz buzilib ketdi.
- O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi legionerlaridan biri deb aytiladigan Cheran zaxirada qoldi. O‘tgan o‘yinda ham ikkinchi taymda maydonga tushgandi. Gap-so‘zlarga qaraganda, murabbiylar shtabi bilan biroz kelishmovchilik bo‘lgan. Bu qanchalik rost?
- Yo‘q, oramizda hech qanday muammo yo‘q. Dragan bilan yaqin munosabatdamiz.
E’tibor bergan bo‘lsangizlar, Draganni oxirgi o‘yinlarda faqat ikkinchi taymda tushiryapmiz, o‘yinni kuchaytirib beryapti. Chunki to‘pni nazorat qilyapti, shoshilmaslikka undayapti. Ya’ni, o‘yinni boshqaryapti. Raqiblar charchagan holatda bo‘sh hududlar topib, o‘yinni o‘z qo‘liga olayotgandi.O‘yindan oldin Dragan bilan har doim gaplashamiz. Shu reja asosida ish tutmoqchi edik, lekin rejamiz o‘xshamadi. Maydonga tushmaganiga baribir futbolchining kayfiyati tushishi mumkin, mag‘lubiyat ham baribir ta’sir qiladi.
⸻ Demak, o‘zi shu rolga ko‘nyaptimi? Unda norozichilik bo‘lmayaptimi?
- Yo‘q, yo‘q. Aytyapman-ku, u bilan bu borada gaplashib turamiz, o‘zi menga aytadi: «Men ikkinchi taymda tushib, yordam beray. Chunki raqiblar charchaganda», deydi. O‘zidan chiqadi, tashabbus. Lekin asosiy tarkibda ham qo‘yaverman. Lekin ikkinchi taymda tushib, yordam beray deydi», - deya Islom Ahmedovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.