«PSJ» himoyachisi Ashraf Hakimi faoliyatini «Real»da davom ettirish niyatida. Bu haqda jurnalist Ramon Alvares de Mon xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 27 yoshli marokashlik futbolchi yaqinlariga Madrid klubiga o‘tish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyor ekanini bildirgan. Hakimi bolaligidan «Real» muxlisi bo‘lib kelgan va yana ushbu jamoaga qaytishni istamoqda. U 2015–2018 yillarda madridliklar tizimida faoliyat olib borgan.
Shuningdek, futbolchining «Real»ga o‘tish istagiga yana bir omil bor — uning yaqin do‘sti Kilian Mbappe. Hujumchi ham bir necha bor Hakimi bilan yana birga o‘ynashni xohlaganini bildirgan.
Biroq «PSJ» himoyachini sotishni rejalashtirmayapti. Shunga qaramay, agar futbolchi ketishni qat’iy talab qilsa, klub transferni ko‘rib chiqishi mumkin.
Hakimi 2021 yilda «Inter»dan 68 million yevro evaziga «PSJ»ga o‘tgan edi. Ushbu mavsumda u 24 ta bahsda maydonga tushib, 3 ta gol va 7 ta assist qayd etgan. Futbolchining klub bilan shartnomasi 2029 yilgacha amal qiladi, Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra uning bozor qiymati 80 million yevroga baholanmoqda.