2025/2026-yilgi futzal mavsumining eng katta kashfiyotlaridan biri bo‘lgan Toshkentning SQB jamoasi bosh murabbiy Konstantin Sviridov bilan hamkorlikni yakunladi.
Jamoa mamlakat chempionatidagi debyut mavsumidayoq kumush medallarni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston vitse-chempioniga aylandi. Shuningdek, SQB O‘zbekiston kubogi musobaqasida finalga qadar yetib borib, mavsumning eng muvaffaqiyatli jamoalaridan biri sifatida e’tirof etildi.
Klub bergan rasmiy ma’lumotda, mutaxassis va klub o‘rtasida tuzilgan ikki yillik shartnoma muddati yakunlangani aytiladi. SQB rahbariyati hamda jamoa a’zolari Konstantin Sviridovga samarali mehnati, jamoa rivojiga qo‘shgan hissasi va erishilgan yuqori natijalar uchun minnatdorlik bildirib, uning keyingi faoliyatiga omad tilashgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, SQB jamoasining yangi bosh murabbiyi nomi yaqin kunlarda rasman e’lon qilinadi.