Live
1
O'zbek

Farhod Abdullayev O‘zbekiston Futbol hakamlar markazi direktori etib tayinlandi

Futbol
5 oktabr, 01:00
    15
Mutaxassisning o‘zi ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida bu haqda xabar berdi.
Farhod Abdullayev O‘zbekiston Futbol hakamlar markazi direktori etib tayinlandi
Foto: UFA

Superliga o‘yinlarida hakamlik bilan bog‘liq bir qator tortishuvlardan keyin O‘zbekiston Futbol hakamlar markazi rahbariyatida o‘zgarish kuzatildi.

Bungacha hakamlar markazi rahbari sifatida ishlab kelgan Ma’mur Saidqosimov o‘rniga Farhod Abdullayev ish boshlagan. Saidqosimov ham tashkilotdagi faoliyatini davom ettiradi.

Avvalroq O‘zbekiston Futbol hakamlar markazi matbuot xizmati futbol hakamligini yanada rivojlantirish, hakamlarning kasbiy mahorati va malakasini oshirish, xalqaro talablarga javob beradigan yangi avlod hakamlarini tayyorlash borasidagi ishlarni izchil davom ettirish maqsadida Farhod Abdullayev taklif etilgani haqida xabar bergan bo‘lsa-da, tashkilot rahbariyatidagi o‘zgarish haqida ma’lum qilmagan edi.

Farhod Abdullayevning o‘zi ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida O‘zbekiston hakamlar markazi direktori sifatida ish boshlaganini ma’lum qildi.

Ma’lumot o‘rnida, Abdullayev 2018, 2022 va 2026-yillarda o‘tkazilgan jahon chempionatlari uchun hakamlarni tayyorlash panelida faoliyat yuritgan. 2011-yildan buyon 50 dan ortiq mamlakatda FIFA va OFKning 170 dan ziyod kurs va seminarlarini o‘tkazgan hamda 30 yildan ortiq hakamlik tajribasiga ega. U so‘nggi yillarda Saudiya Arabistoni hakamlar departamentida rahbarlik qilib kelgandi.

Eslatib o‘tamiz, bungacha O‘zbekiston hakamlar markazida Erkin Baxtiyorov, Laziz Qo‘chqorov singari mutaxassislar ham faoliyat yuritgandi.

Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

15 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar