OFK Elit Chempionlar Ligasida har ikki mintaqada ishtirokchilar soni 12 tadan 16 tagacha oshirilishi mumkin.
"OFK Elit Chempionlar Ligasida ishtirokchilar sonining oshirilishi, ya'ni formatdagi o'zgarish faqat 12 ta mamlakat uchun ta'sir qiladi: G'arbda 6 ta va Sharqda 6 ta.
Eng katta foydani kutilganidek, o'z hududlarida reytingda yetakchilik qilayotgan Saudiya Arabistoni va Yaponiya oladi. Ularga pley-off bosqichi uchun yana ikkita yo'llanma qo'shish rejalashtirilmoqda — bu oldin mavjud emasdi. Mintaqaviy reytingda ikkinchi o'rindagi mamlakatlar (BAA va Janubiy Koreya) guruh bosqichi uchun bittadan qo'shimcha yo'llanma oladi, beshinchi (O'zbekiston va Avstraliya) va yettinchi o'rindagilar (Iordaniya va Vetnam) esa pley-off uchun bittadan yo'llanmaga ega bo'ladi. Shunisi qiziqki, yettinchi o'rindagilarda avval Elit Chempionlar Ligasida umuman o'rin bo'lmagan.
Qizig'i shundaki, oltinchi o'rindagi mamlakatlarga (Iroq va Malayziya) hech qanday qo'shimcha o'rin berilmaydi. Uchinchi va to'rtinchi o'rindagilarda (Qatar va Tailand, Eron va Xitoy) esa kvota soni oshmasa-da, sifat jihatidan yutuqqa ega bo'ladi: pley-off o'rni guruh bosqichi yo'llanmasiga aylanadi.
Yana bir bor ta'kidlayman: bu rasmiy ma'lumot emas va ehtimol, qo'mita muhokamasi uchun takliflardan biri xolos. Barcha rasmiy yangiliklarni juma kuni kutamiz.
Agar ushbu taklif qabul qilinsa, O'zbekiston klublaridan:
— "Neftchi" Elit Chempionlar Ligasiga to'g'ridan to'g'ri yo'llanma oladi,
— "Paxtakor" elitada pley-offdan boshlaydi va g'alaba qozonsa, guruh bosqichiga chiqadi. Mag'lub bo'lsa ikkinchi Chempionlar Ligasiga tushadi,
— "Nasaf" Chempionlar Ligasi-2'ning guruh bosqichida ishtirok etadi.
Buning barchasi klublarda OFK Chempionlar Ligasi litsenziyasi bo'lishi sharti bilan amalga oshadi", — deb yozadi Nikimbaev o'z telegram kanalida.