«RB Leyptsig» futbolchisi Yan Diomandening sobiq agenti «Maxidel Management» kompaniyasining uning amaldagi vakili «Roc Nation»ga qarshi kiritgan daʼvosi «Real Madrid»ning ivuarli o‘yinchini sotib olish jarayonini vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi.
Transfer komissiyasi bo‘yicha FIFAgacha yetib borgan ushbu mojaro «qirollik klubi»da katta norozilik uyg‘otdi. Sababi «Real» reper Jay-Zʼga tegishli va Vinisius hamda Endrik manfaatlarini himoya qiluvchi «Roc Nation» multimillionlik agenti bilan muzokara olib borayotganida, ular «Maxidel» egasi Maks Gradel bilan mavjud huquqiy nizo haqida madridliklarni ogohlantirmagan.
Germaniya klubining futbolchi uchun 100 million yevrodan ortiq so‘rab, moliyaviy masalada yon bermayotganiga endi ushbu kutilmagan muammo ham qo‘shildi. «Maxidel» Diomandening «Leyptsig»ni tark etguniga qadar bo‘lgan huquqlari ularga tegishli ekanini taʼkidlamoqda. Bu holat «Real»ni «Maxidel» bilan parallel ravishda muzokara olib borishga, ikki agentlik o‘rtasida tezkor (ammo ehtimoli kam) kelishuvga umid qilishga yoki FIFA (taxmin qilinganidek) agentliklar nizosi hal bo‘lgunicha vaqtinchalik transfer berishini kutishga majbur qilishi mumkin.
MARCA bergan maʼlumotlarga ko‘ra, «Leganes» sobiq futbolchisi atrofidagi yagona mojaro bu emas. Deh Bamba ismli sobiq vakil va «Rainbow» nomli boshqa bir kompaniya ham daʼvolar bilan chiqqan bo‘lib, bu Diomandening transfer va imij huquqlari masalasini chigal labirintga aylantirib yuborgan.
Tarixning boshlanishi
Bularni tushunish uchun futbolchining faoliyati boshiga nazar solish lozim. 2006-yilda tug‘ilgan kichik Yan Abidjandagi «AFI Sud Comoé» akademiyasida ko‘zga tashlandi. U yerda Deh Bamba prezident edi. Futbolchining keskin o‘sishi 2022 yilda Ganada o‘tkazilgan U-17 turniridan so‘ng boshlandi. U yerda 5 ta gol urg‘an Yan Afrikadagi barcha skautlar eʼtiborini tortdi. Rossiyaning «Vista» akademiyasi unga jiddiy qiziqish bildirdi, ammo Bamba (ikkinchi ota rolini o‘ynagan) bu variantni blokladi. Ammo Xyustonda joylashgan va mintaqada mustahkam o‘ringa ega «Blue Crow» investitsiya guruhi ularni ko‘ndira oldi.
Diomandening birinchi manzili «Blue Crow»ning Dubaydagi akademiyasi bo‘ldi. U yerdan iqtidorini hisobga olib, uni Floridadagi «DME Academy»ga yuborishdi. U yerda sportchilarni elita tayyorlashardi va u «Blue Crow» bilan shartnomasi bo‘lgan «Rainbow» kompaniyasi tomonidan boshqarilar edi.
AQShda «Dio» nomini olgan futbolchi «Yulee Hornets» va «Frenzi» jamoalarida porladi. Shundan so‘ng grandlar — «Bornmut», «Reynjers», «Kristal Peles», «Chelsi» unga qiziqib qoldi. Ayrimlari hali jiddiy klubda o‘ynamagan bolakay uchun 8-9 million yevro to‘lashga tayyor edi. Ammo muzokaralar amalga oshmadi.
2023 yilda viza muddati tugab, Diomande Kot-d'Ivuarga qaytadi va 2024 yil iyulidagina yangi Shengen vizasini oladi. Bu orada «Blue Crow» bilan to‘lovlar bo‘yicha muammoga duch kelgan «Rainbow» kompaniyasi «Blue Crow»ga bildirmasdan futbolchiga boshqa agent biriktiradi. Bamba ko‘magida va Diomandening nomidan «bo‘sh qog‘ozga» qo‘l qo‘ndirib, uni Gretsiyaning «Olimpiakos» klubiga o‘tkazishga urinishadi.
«Leganes»ga o‘tish — burilish nuqtasi
«Blue Crow» tezkorlik bilan Afinaga Dubay akademiyasi masʼuli bo‘lgan jazoirlik agentni yuboradi. U futbolchiga agar u bilan ketsa, «Blue Crow»ga tegishli «Leganes» bilan dastlabki shartnoma imzolashi mumkinligini aytadi. Diomande rozi bo‘ladi va Dubaydagi mavsumoldi yig‘iniga yo‘l oladi. U yerdagi o‘rtoqlik o‘yinida germaniyalik taniqli murabbiy: "U allaqachon Chempionlar Ligasida o‘ynashga tayyor", deb baho beradi. U o‘shanda 17 yoshda edi.
18 yoshga to‘lishiga bir hafta qolganda Diomande opasining kasalxonada og‘ir ahvolda yotgani haqida xabar oladi va Abidjanga uchib ketadi. Opasi vafot etgan ushbu og‘ir kunlarda Bamba futbolchiga agar «Leganes» pul to‘lamasa, u yerga qaytmasligini aytadi. Diomande qariyb ikki yil o‘yin amaliyotisiz qolgan edi. Bu safar u Bambaning gapiga kirmay, 18 yoshga to‘lgach, o‘z qarorini o‘zi qabul qiladi va Ispaniyaga yo‘l oladi.
2024 yil noyabrida «Leganes»ning yoshlar jamoasiga qo‘shilgan Yan zudlik bilan asosiy jamoagacha ko‘tariladi va 2025 yil 29 martda «Real Madrid»ga qarshi La Ligada debyut qiladi hamda Kilian Mbappe bilan libos almashtiradi.
Yevropadagi portlash
Mavsum yakunida «Blue Crow»ga 41 ta klubdan qo‘ng‘iroq bo‘ladi. «Leganes» Segunda tushib ketgach, futbolchi u yerda qola olmasdi. Eng jiddiy muzokaralar «Monako» bilan kechadi, ammo fransuzlar 20 millionlik tovon pulini to‘lashdan bosh tortishadi.
Diomande taʼtilga uyiga qaytganida, Bamba uni «Maxidel» agentligi egasi Maks Gradel bilan tanishtiradi. U futbolchini «RB Leyptsig»ga taklif qiladi. Nemislar tovon pulini to‘lashga rozi bo‘lishadi.
Germaniyada Diomande Bundesliganing eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi. Ammo uning agentlik huquqlari yanada chigallashdi. Gradel futbolchi shartnomani uzaytirganini aytdi, Bamba esa buni inkor etib video joyladi. Yakunda esa Vinisiusning qo‘ng‘irog‘i va «Roc Nation» egalarining taklifidan so‘ng Diomande AQSh kompaniyasi («Roc Nation») bilan shartnoma tuzdi.
Oqibatda portlash yuz berdi: «Maxidel» transfer huquqi ularda ekanini aytib «Roc Nation»ni sudga berdi. «Rainbow» esa imij huquqlari uchun har ikki agentlikni va «Blue Crow»ni ayblamoqda. Bambaning esa «Blue Crow» bilan alohida sudlashuvi bor.
«Real» kutish pozitsiyasida
Shunday murakkab vaziyatda sahnaga «Real» chiqdi. Futbolchilarning imij huquqlarining 50 foiziga egalik qiladigan Madrid klubi bu huquqiy masalalar to‘liq hal bo‘lishini talab qilmoqda.
Bu muammo FIFA transfer ruxsatnomasidan ham jiddiyroq bo‘lishi mumkin. Chunki FIFA agentlar o‘rtasidagi komissiya nizolariga aralashmaydi va klublar kelishsa, vaqtinchalik transferga ruxsat beradi. Ammo imij va sobiq shartnomalar bo‘yicha sudlashuvlar «Real»ni xavotirga solmoqda.
Hozirda Diomande «Leyptsig»ning mavsumoldi mashg‘ulotlaridan chetda, transferning ijobiy hal bo‘lishini kutmoqda.