Madridning «Atletiko» klubi «Barselona» yarimhimoyachisi Mark Kasadoga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Marca nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 22 yoshli futbolchi sport direktori Mateu Alemani boshchiligidagi rahbariyat ko‘rib chiqayotgan ehtimoliy transfer variantlari qatoridan joy olgan. Avvalroq «Vulverhempton» yarimhimoyachisi Joao Gomesh «Atletiko»ning asosiy maqsadi sifatida tilga olingan edi, biroq klub muqobil nomzodlar ustida ham ishlamoqda.
Hozircha «Atletiko» «Barselona» bilan Kasado bo‘yicha rasmiy muzokaralarni boshlamagan. Shunga qaramay, futbolchining o‘zi muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun transferga rozi bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Qayd etilishicha, ispaniyalik futbolchi jahon chempionatida ishtirok etish imkoniyatini oshirish maqsadida doimiy ravishda maydonga tushishni xohlamoqda.
Agar «Atletiko» Joao Gomesh transferini amalga oshira olmasa, klub Mark Kasado nomzodiga qaytishi mumkin.
Joriy mavsumda Kasado Ispaniya La Ligasida 13 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta golli uzatmani amalga oshirgan.