"Atalanta" yozgi transfer oynasida hujumchisi Ademola Lukmanni "Inter"ga qoʻyib yubormagani sababli futbolchi va klub oʻrtasida nizo kelib chiqqan edi. Shu sababli, nigeriyalik forvard hali yangi mavsumda birorta oʻyinda maydonga tushmadi.
La Provincia nashrining ma'lum qilishicha, futbolchi bergamoliklar bosh murabbiyi Ivan Yurich bilan bir necha uchrashuvlar oʻtkazgan. Ademola klub uchun yana borini berishga tayyorligini tasdiqladi va murabbiy uni jamoaga qaytarishga rozi boʻldi.
"Atalanta" navbatdagi oʻyinini A Seriya doirasida 21 sentyabr kuni "Torino"ga qarshi mehmonda oʻtkazadi.
27 yoshli Lukman klubga 2022 yilda "Leyptsig"dan 11 million yevro evaziga kelib qoʻshilgan. Uning amaldagi shartnomasi 2027 yilning yozida yakuniga yetadi.