O‘z vaqtida tajribali futbolchilardan va ayniqsa, himoya qo‘rg‘onida mustahkam o‘yin ko‘rsatgani bilan muxlislarning yodida qolgan Artyom Filiposyan butsalarini mixga ilgandan keyin o‘zini murabbiylikka bag‘ishlashga qaror qildi.
U o‘tgan yildan beri Toshkentda bolalar murabbiyi sifatida ishlab, yoshlarga katta futbol sari tayyorlab berishdek mas’uliyatli vazifada ish olib boryapti.
Endi murabbiy Filiposyan ko‘z oldimizda gavdalanishni boshlamoqda. Hayotida yangi sahifa ochilgach, u bu sohada yeng shimarmoqda ishga kirishdi.
- O‘tgan yildan beri bolalar murabbiyi sifatida ishlayapsiz? Ular bilan ishlash qanday ekan?
- Assalomu alaykum. Bugungi kunda men va Aleksandr Merzlyakov bilan birga bolalar futbolida ish olib boryapmiz. Yosh bolajonlar bilan ishlash ajoyib o‘tyapti. O‘zimiz uchun eng kerakli jihati – murabbiy sifatida asta-sekinlik bilan o‘rganib, o‘sib bormoqdamiz. To‘g‘ri, qiyinchilik tarafi ham bor. Lekin bu har bir murabbiyning o‘sishiga yaxshi o‘rnak bo‘lib boradi. Maqsadimiz iloji boricha ko‘proq bizning to‘garagimizdan yaxshi futbolchilarni yetkazib berish. Yaqin kunlarda biz Chig‘atoy maktabiga ikki o‘yinchimizni berdik va bu yaxshi natija, deb o‘ylayman.
- Keyinchalik katta futbolda ham murabbiylik qilish niyatingiz bormi yoki asosan o‘zingizni bolalar murabbiyi rolida ko‘rayapsizmi?
- Bugungi kunda hozircha bolalar bilan ish olib boryapmiz. Keyinchalik albatta maqsadimiz bor. Hayotda har doim oldinga intilish kerak. Nasib bo‘lsa, kelajakda ham niyatimiz murabbiy sifatida ish olib bormoqchimiz.
- Futbolchi Filiposyan va murabbiy Filiposyan o‘rtasida qanday farq bor?
- Futbolchilik faoliyatimda faqat mashg‘ulotlarni o‘ylardim va o‘yinlarga o‘zimni qanday tayyorlashimga ko‘p e’tibor qaratar edim. Murabbiy rolida bolalarni mashg‘ulotlarni olib borishi hamda yana ko‘p narsalarga e’tibor berishingizga to‘g‘ri keladi.
- Futbolchilik faoliyatingizda siz uchun eng unutilmas lahzalar nima bo‘lgan?
- Futbolchilik faoliyatimda men uchun eng unutilmas kun "Mash'al" bilan birinchi marta oliy ligada o‘yin o‘tkazganim.
- O‘zbekiston milliy jamoamizni mundialdagi ishtiroki borasida fikringiz qanday?
- O‘zbekiston milliy jamoamiz birinchi marta jahon chempionatida ishtirok etdi. Biz kuchli guruhga tushdik. Biroq futbolchilar qo‘lidan kelganicha harakat qilishdi. Portugaliya, Kolumbiya va Kongoning ko‘p o‘yinchilari Yevropa chempionatlarida to‘p tepishadi.
- Siz bilan birga ishlagan murabbiylarning qaysi biridan ko‘p narsa o‘rgandingiz?
- Faoliyatimda ko‘p murabbiylar bilan ishlash nasib qildi. Shuning uchun hamma murabbiylarga rahmatimni aytaman va har biridan o‘zimga kerakli narsalarni oldim, deb o‘ylayman.
- Bolalar bilan ishlashda sizga eng zavqli tomoni nimada bo‘lyapti?
- Bolalar bilan ishlashda eng muhimi, ularni to‘g‘ri yo‘nalishda o‘rgatish va ish olib borishi yoqimli bo‘lyapti. Shu narsadan ko‘proq xursand bo‘lyapman.
- Siz uchun kim kumir bo‘lgan?
- Oldinlari ko‘p yaxshi futbolchilarning o‘yinini ko‘rganman. O‘zim "Barselona"ni muxlisiman. Himoyachi sifatida Karles Puyol men uchun eng zo‘ri bo‘lgan.
- Mundialda kim chempion bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?
- Portugaliya va Frantsiyaga muxlislik qilayotgandim. Ammo Portugaliya musobaqa bilan xayrlashdi. Fransiya jahon chempioni bo‘lsa xursand bo‘laman.
Artyom Filiposyan: "Kelajakda ham niyatimiz murabbiy sifatida ish olib bormoqchimiz"
Eksklyuziv
10 iyul, 12:19
Tribuna.uz muxbiri Filiposyan bilan milliy jamoa va JChda kimga muxlislik qilayotgani borasida suhbatlashdi.
Фото: Tribuna.uz