Superliganing 20-turida «Qo‘qon-1912» o‘z maydrnida «Dinamo»ni qabul qildi. Bahs esa 1:1 hisobidagi durang natija bilan yakun topdi. O‘yindan so‘ng qo‘qonliklar ustozi Andrey Shipilov matbuot anjumanida qatnashdi.
— Shunday aytaman: uydagi ikkita o‘yin ham bir qolipda o‘tdi. Shunchaki, bir xil ssenariy. «Buxoro»ga qarshi uchrashuv ham, «Dinamo»ga qarshi bahs ham xuddi shunday kechdi. Birinchi taymda to‘liq nazorat, to‘liq ustunlik bo‘ldi. O‘yin taqdirini 35 daqiqaning o‘zidayoq hal qilish mumkin edi. Shunchaki, gol urish kerak edi, xolos. Men yigitlarga aytgandim: «Bolalar, ikkita vaziyat bo‘lsa — ikkitasini ham golga aylantirish kerak. Uchta vaziyat bo‘lsa — demak, uchta gol urish kerak. Hech kimni ham, o‘zingizni ham qiynamang». Yaxshi, mayli. Tanaffusga jamoa chiroyli, mantiqli gol bilan chiqib ketdi. Birinchi taymda «Dinamo» hech narsa qila olmadi. Balki ularning taktikasi shunday bo‘lgandir, bilmayman. Balki Vadim Karlenovich birinchi taymda kuchlarini biroz tejab turishni aytgandir. Bilmayman, bu ularning ishi. Ikkinchi taym oldidan yigitlarga: «Yana qo‘shinglar! Yana qo‘shinglar! Harakatlarda ham, o‘yinni tashkil etishda ham, tuzilishda ham yanada faol bo‘linglar», dedim. Shundan keyin qandaydir asabiylik, ishonchsizlik paydo bo‘ldi va yana — yettinchi daqiqa, yana bizda oddiy xatoga yo‘l qo‘yish. Oddiy xatoning o‘zi. Men endi ishonch hosil qilyapmanki, bu haqiqatan ham... bu mahorat masalasi. Bu — haqiqiy mahorat. Mayda detallar ham juda muhim. Men bu haqda bir necha bor so‘raganman, bir necha bor aytganman. Lekin hech qanday mashg‘ulot, hech qanday nazariy dars, hech qanday guruh mashg‘ulotlari, jamoaviy mashg‘ulotlar yordam bermaydi. Agar futbolchi O‘zbekiston chempionatining yuqori divizioni darajasida yetarli mahoratga ega bo‘lmasa, demak, u shu darajaga mos kelmaydi. Gap shu. Hozir kiyinish xonasida ham aytdim: aslida men almashtirish qilishni umuman xohlamagan edim. Agar Yegor Kondratyuk jarohat olmaganida, uni ham almashtirmas edim. Ko‘rdingiz, umuman almashtirish qilishni xohlamagan edim. Yigitlar normal, yaxshi o‘ylashdi. Berilgan vazifalarning barchasini bajarishdi, hamma narsani qilishdi. Lekin ma’lum bir vaziyatlar bor. Bu haqda takrorlashni istamayman. Ayrim vaziyatlarda, o‘yinning ayrim fazalarida futbolchilar o‘z darajasiga mos harakat qila olmayapti. Mos kelmayapti. Umuman, Superliga darajasiga mos emas. Biz shunday sharoitda ishlashimizga to‘g‘ri kelyapti. Bu bizning ishimiz, nima ham qila olardik. Qo‘limizda kim bor, qaysi darajadagi futbolchilar bor — shu bilan ishlayapmiz. Biz kuchli futbolchilarni taklif qilib, tarkibga qo‘sha olmaymiz. Lekin tajriba va yosh o‘rtasida qandaydir muvozanatni ushlab turibmiz. Ammo bir xil xatolar yana va yana takrorlanyapti. Jamoa harakat qiladi, o‘ynaydi, g‘alaba qozonadi, keyin ochko to‘playdi va keyin yana hammasini boshidan boshlashga to‘g‘ri keladi. Yana boshidan. Shuning uchun bu o‘yin bo‘yicha aytadigan bo‘lsam, bir narsa bir narsaga to‘g‘ri kelmaydi. Farhod va Shahrux haqida ham aytishim mumkin: ular hech narsani buzishmadi, lekin o‘yinni kuchaytirishmadi ham. Ayniqsa, hujumda kreativ harakat qila olishmadi. Agar biz ikkinchi golni urganimizda, ehtimol, ular ham o‘sha hujumda ishtirok etgan bo‘lishardi.
- Sizningcha, jamoa ikki ochko yo‘qotdimi yoki bir ochko qo‘lga kiritdimi?
— Biz yo‘qotdik. «Buxoro»ga qarshi o‘yinda ham yo‘qotganmiz. Real aytyapman — biz ochko yo‘qotdik. Balkim, kimdir men bilan bahslashar: «Yo‘q, yo‘qotmadinglar», der. Mayli, yaxshi. «Dinamo»da milliy jamoadagi futbolchilari yo‘q edi, to‘g‘ri. Lekin Karlenovichning boshqa futbolchilari bor va u ularga ishonadi. Ular harakat qilishyapti, o‘ynashyapti.
Masalan, Nasimov maydonga tushdi. Oxirgi marta qachon u asosiy tarkibda maydonga tushib, o‘ynaganini umuman eslay olmayman. Lekin, ehtimol, shuning uchun tushirilgandir — qandaydir to‘plar uchun kurashdi, harakat qildi. Uni ham kuchaytirish uchun maydonga tushirishdi. Men «agar milliy jamoa futbolchilari bo‘lganida, Samarqand kuchliroq ko‘rinardi», deb ayta olmayman. Biz ham, ehtimol, yanada mas’uliyatliroq o‘ynardik. Mas’uliyatliroq harakat qilsak, o‘yinning ko‘rinishi, uslubi va qolgan jihatlari ham, ehtimol, yaxshiroq bo‘lardi. Ammo futbolchilardan hech kimga bu haqda aytmaganman. Rostini aytsam, ularda milliy jamoaga chaqirilgan futbolchilar borligini ham bilmagan edim. Xojimirzayev ham maydonga tushmadi. U bilan nima bo‘lganini ham unchalik qiziqib ko‘rmaganman. Rostini aytsam, hozirgina sizlardan milliy jamoaga chaqirilgan futbolchilar haqida, ular bilan nima bo‘lganini bildim. Mening o‘zimda ham muammolar yetarli. O‘z futbolchilarim bilan shug‘ullanyapman», - deya Shipilovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.