Live
2
O'zbek

Aleksandr Xomyakov: «Bugun bizning kunimiz emasdi»

Eksklyuziv
5 sentabr, 16:48
«Buxoro» bosh murabbiyi «Qizilqum»ga qarshi bahsdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
Aleksandr Xomyakov: «Bugun bizning kunimiz emasdi»
Фото: Бухоро ПФК

«Buxoro» klubi Navoiyda «Qizilqum»ga qarshi o‘tgan uchrashuvda 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi va qimmatli ochkolardan mahrum bo‘ldi. Uchrashuvdan so‘ng «Buxoro» bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov matbuot anjumanida qatnashdi.

- Avvalo, raqib jamoani g‘alaba bilan tabriklash kerak. Ularning g‘alaba qozonishni juda xohlagani ko‘rinib turdi va oxir-oqibat o‘z g‘alabasini tortib olishdi, deyish mumkin.
Bizga kelsak, bugun bizning kunimiz emas edi, shekilli. Buni qanday izohlash mumkin? Masalan, birinchi bo‘lim statistikasiga qaraydigan bo‘lsak, bizda to‘rtta zarba bor, raqibda esa bitta ham yo‘q. Lekin biz birinchi bo‘limni 0:1 hisobida yutqazib chiqdik. Tanaffusdan keyin esa yana ikkinchi golni o‘tkazib yubordik. Shundan keyin esa... bu yerda futboldan ko‘ra emosiyalar ko‘proq bo‘ldi. Ha, hisobni tenglashtirishga harakat qildik, lekin katta hisobda bugungi o‘yinimiz o‘xshamadi. Biz o‘yinga biroz boshqacha reja tuzgan edik. Ayniqsa, bu ikki golni o‘tkazib yuborishimiz shart emas edi. Albatta, vaziyatlardan foydalana olmaganimiz ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Agar birinchi bo‘limda o‘zimizda bo‘lgan imkoniyatlarni golga aylantira olganimizda, o‘yin butunlay boshqacha kechishi mumkin edi. Ammo shunday bo‘ldi. Yigitlar harakat qilishdi, ikkita gol farqini yo‘qotishga muvaffaq bo‘lishdi. Buning uchun ularga rahmat aytish kerak. Lekin, rostini aytsam, alam qiladi. Bundan qochib qutulib bo‘lmaydi. Yana bir bor raqibni g‘alaba bilan tabriklayman.

- Sizning jamoa o‘yinini qurishdagi rejangiz nimadan iborat edi? Agar sir bo‘lmasa, «Qizilqum»ning qaysi xatolariga tayanib bugungi uchrashuv uchun o‘yin rejasini tuzgan edingiz?

- Qanday sir bo‘lishi mumkin? Biz raqibni juda yaxshi bilamiz. «Qizilqum» so‘nggi to‘rtta o‘yinda, jumladan, bizga qarshi bahsda ham, uydagi barcha raqiblarini mag‘lub etgan edi. Shuning uchun asosiy e’tibor, albatta, dastlabki 20 daqiqaga qaratildi. Ularni hisobda oldinga chiqib olishiga yo‘l qo‘ymaslik va keyinchalik o‘yinni biroz yopiqroq tashkil etib, himoyadan harakat qilish hamda qarshi hujumlarga urg‘u berishni rejalashtirgan edik.
Biz raqib jamoa ham, bosh murabbiy ham intervyularida doimo o‘tish fazalarida kuchli ekanini, maydonda bo‘shliq paydo bo‘lsa, ana shu bo‘shliqlardan foydalanib hujum qilishni yaxshi ko‘rishini ta’kidlashini bilamiz.

Bugungi ikkinchi golda ham aynan shunday bo‘ldi. To‘pni yo‘qotdik, markazda vaziyatni to‘g‘ri baholay olmadik, kurashda yutqazdik va natijada ikkinchi golni o‘tkazib yubordik.
Shuning uchun asosiy vazifa — dastlabki 20 daqiqani juda intizomli o‘tkazish edi. Aytganimdek, buni uddaladik. Birinchi 20 daqiqada, mening fikrimcha, o‘yinni yetarlicha yaxshi nazorat qildik va vaziyatlar ham yaratdik.

Afsuski, 20 daqiqadan keyin negadir shoshila boshladik, asabiy o‘yinga o‘tib ketdik. Bu esa umuman olganda, darvozamizga o‘tkazib yuborishimiz shart bo‘lmagan golga olib keldi. Ikkinchi goldan keyin esa darhol barcha kuch bilan oldinga otilib, «shashka yalang‘och» hujum qilishga harakat qilmaslik, avval o‘yinni nazoratda ushlash kerak edi. Lekin bu ham amalga oshmadi.

Yana aytaman, raqib ikkinchi golni ham tezda urdi va shundan keyin o‘yin yanada ochiq tus oldi. Bu esa biz uchun unchalik qulay emasdi. Ha, ikki golni qaytarishga muvaffaq bo‘ldik. Lekin yana bir bor aytaman, ehtimol, bugun bizning kunimiz emas edi. Ko‘plab vaziyatlar yaratdik, ammo ulardan foydalana olmadik. Shunday ham bo‘lib turadi, bundan qochib qutulib bo‘lmaydi. Endi hayot davom etadi. Uydagi navbatdagi o‘yinga tayyorgarlikni davom ettiramiz.

- Shunday taassurot qoldiki, ko‘plab hujumlarni darvozabon orqali boshlayapsizlar. Bugungi avtogol ham shuning oqibati bo‘ldimi?

- Yo‘q. Bizda aniq reja bor. Rejalarimizdan biri — agar raqib yuqori pressing bilan o‘ynasa, darvozabon orqali o‘ynab, ularning bosimini buzishga harakat qilish. Albatta, tushunaman, bugungi avtogolda hech qanday pressing bo‘lmagan. Bu nima bilan bog‘liqligini bilmayman. Mening nazarimda, bu o‘tkazib yuborishimiz shart bo‘lmagan gol edi. Umuman olganda ha, ayrim epizodlarda raqib pressing qilayotgan bo‘lsa, darvozabon orqali o‘ynashga harakat qilamiz. Lekin bu vaziyatda bunday holat bo‘lmagan. Jamoada aytishni istamaydigan, lekin afsuski, o‘zingiz ham ko‘rib turgan ayrim muammolar bor. Yana o‘sha holat: bir o‘yinda jarohat, yana boshqa o‘yinda chetlatish. Shuning uchun tarkibimiz barqaror bo‘lmayapti, doim rotatsiya qilishga majbur bo‘lyapmiz.

Har bir o‘yinda kamida ikki-uch, ba’zida esa to‘rt-besh nafar futbolchini yo‘qotyapmiz. Shuning uchun keyingi o‘yinni ham yana tarkibdagi o‘zgarishlar bilan boshlashimizga to‘g‘ri keladi. Hali vaqt bor, o‘ylab ko‘ramiz», - deya Xomyakovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Bugungi yangiliklar