Dortmundning «Borussiya» klubi futbolchisi Samuele Inasio faoliyatini Italiyada davom ettirishi mumkin. Bu haqda insayder Nikolo Skira xabar berdi.
Manbaning ma’lumotiga ko‘ra, 18 yoshli forvard xizmatlariga «Inter» va «Yuventus» klublari qiziqib qolgan. Har ikki klub yozgi transfer oynasi davrida futbolchiga qiziqish bildirdi va uni kuzatishda davom etmoqda.
Ushbu mavsumda Inasio barcha musobaqalarni inobatga olgan 3 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Hujumchining «Borussiya» bilan amaldagi shartnomasi 2029-yilning yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali futbolchining aktual transfer narxini 15 million yevroga baholamoqda.