FIFA prezidenti Janni Infantino tashkilot rahbari lavozimiga navbatdagi saylovlarda nomzodini ilgari surishini tasdiqladi.
«Albatta, kelasi yilning 18 mart kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda nomzod bo‘laman. Mening dasturim yoki shiorim, agar xohlasangiz, juda oddiy, ammo ayni paytda juda aniq: «Futbol hamma uchun, dunyoning har bir nuqtasida». Biz aynan shuni xohlaymiz», — dedi Infantino.
FIFA rahbarining ta’kidlashicha, tashkilot dunyoning barcha hududlaridagi insonlar uchun futbol bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini kengaytirishga intiladi.
«Biz barchaga orzu qilish, ishtirok etish, o‘ynash va rivojlanish imkoniyatini bermoqchimiz. Shuningdek, yirik futbol davlatlari bilan qolganlari o‘rtasidagi tafovutni qisqartirishni istaymiz», — deya qo‘shimcha qildi Infantino.
Eslatib o‘tamiz, FIFA prezidentligi uchun navbatdagi saylov 2027 yilning 18 mart kuni o‘tkaziladi.