Shimoliy Makedoniyadan bo‘lgan tajribali mutaxassis Slavche Voyneskini muxlislarimiz yaxshi eslashadi.
U 2022 yili «Paxtakor» klubi bosh murabbiyi sifatida faoliyat olib borgan va O‘zbekiston Superkubogida g‘olib chiqqan.
Ayni paytda 52 yoshli murabbiy Saudiya Arabistonida «Al Vahda» klubini boshqarmoqda.
Kuni kecha Tribuna.uz jurnalisti Voyneski bilan bog‘landi.
- Janob Voyneski, muxlislarimiz sizni «Paxtakor»dagi faoliyatingizdan juda yaxshi eslashadi. O‘zbekistonda ishlagan davringiz haqida qanday xotira va taassurotlarga egasiz?
- «Paxtakor»dagi faoliyatimni O‘zbekistonga, ayniqsa, Toshkentga nisbatan katta hurmat va iliq tuyg‘ular bilan eslayman. Bu davr menga professional va shaxsiy jihatdan ko‘plab qimmatli tajribalar berdi.
«Paxtakor» — katta tarixga, kuchli an’analarga va juda ishtiyoqmand muxlislarga ega klub. Ilk kundanoq klubdagi professional muhit, jamoada mehnat qilayotgan insonlarning saviyasi va eng muhimi, jamoa bilan muxlislar o‘rtasidagi kuchli bog‘liqlik meni hayratlantirgan.
O‘zbekiston xalqi ham menda juda yaxshi taassurot qoldirgan. Ularning mehmondo‘stligi, hurmati va futbolga bo‘lgan ishtiyoqi tufayli o‘zimni juda iliq kutib olingan insondek his qilganman. Men har doim futbol O‘zbekiston aholisi qalbida alohida o‘rin tutishini his qilardim.
«Paxtakor»dagi faoliyatimga nazar tashlar ekanman, biz amalga oshirgan ishlardan faxrlanaman va bu tajriba uchun minnatdorman. Bu — faoliyatimda doimo katta hurmat bilan eslaydigan davrlarimdan biri.
- Ayni paytda Saudiya Arabistonida ishlayapsiz va yaqinda yangi klubga o‘tib, «Al Vahda» bosh murabbiyiga aylandingiz. Saudiya Arabistonidagi faoliyatingiz qanday kechmoqda?
- Saudiya Arabistonidagi faoliyatim men uchun juda yaxshi tajriba bo‘lmoqda. Bu yerda raqobat juda kuchli. Bu mamlakatdagi ikkinchi mavsumim. O‘tgan mavsumda «Al Oruba» bilan pley-off bosqichigacha yetib bordik. Bu mavsumda esa yangi klubdaman, ammo maqsadlarimiz va ambitsiyalarimiz yuqori. Bu chaqiriq menga yoqmoqda.
Yaqinda faoliyatimdagi navbatdagi qadamni tashlab, «Al Vahda» bosh murabbiyi bo‘ldim. Bu katta tarixga, ishtiyoqmand muxlislarga va yuqori maqsadlarga ega klub. Shuning uchun bu imkoniyat meni juda ruhlantirmoqda.
Shuningdek, bu yil Kubokda kuchli “Al Shabob”ni musobaqadan chiqarib yubordik. Bu Qirollar Kubogining birinchi bosqichidagi eng katta syurprizlardan biri bo‘ldi.
- O‘zbekiston milliy jamoasining jahon chempionatidagi ishtirokini qanday baholaysiz?
- O‘zbekistonning ilk bor jahon chempionatiga yo‘l olgani allaqachon tarixiy yutuq edi. Jamoa jasorat ko‘rsatdi va mamlakat sharafini munosib himoya qildi. Natijalar oson kechmadi, ammo bu tajriba nihoyatda qimmatli. Endi O‘zbekiston xalqaro futbolning eng yuqori darajasi nimani talab qilishini yanada yaxshiroq biladi. Menimcha, bu tajriba kelajak uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
- Agar sizga «Paxtakor»ga qaytish taklifi berilsa, bu imkoniyatni ko‘rib chiqarmidingiz? Umuman, yana O‘zbekistonda ishlashga qiziqasizmi?
- Albatta, buni ko‘rib chiqardim. «Paxtakor» faoliyatimda va qalbimda alohida o‘ringa ega klub. Shuning uchun har doim munosib imkoniyat uchun ochiqman. Umuman olganda, yana O‘zbekistonda ishlashga ham juda qiziqaman. Men mamlakat, uning xalqi va futbol madaniyatiga katta hurmat bilan qarayman. Oilam va mening O‘zbekistonda juda yaxshi xotiralarimiz bor. Agar munosib loyiha va yuqori maqsadlar mavjud bo‘lsa, men qaytishdan mamnun bo‘lardim.
- Qaysi o‘zbek futbolchisi yoki futbolchilarini hozirgi jamoangizda ko‘rishni istar edingiz?
- O‘zbekistonlik bir nechta futbolchilarni hurmat qilaman. Agar tanlashim kerak bo‘lsa, Abbosbek Fayzullayev, Akmal Mozgovoy, Farruh Sayfiyev, Hojimat Erkinov, Odil Hamrobekov kabi futbolchilarni aytishim mumkin. Ularning barchasida yuqori darajada o‘zgarish yaratishga qodir sifat, xarakter va salohiyat bor. Ammo men uchun eng muhimi — faqat futbolchining individual mahorati emas. Uning jamoaga, o‘yin uslubiga, klubning xarakteri va maqsadlariga qanchalik mos kelishi muhim. Agar shunday imkoniyat tug‘ilsa, yana o‘zbekistonlik futbolchilar bilan ishlashdan juda xursand bo‘lardim.
- O‘zbekiston chempionatini hali ham kuzatib borasizmi?
- Ha, albatta. O‘zbekiston chempionatini katta qiziqish bilan kuzatib boraman. Mamlakat va o‘zbek futboli bilan kuchli aloqam bor. Shuning uchun natijalar, jamoalar va, ayniqsa, futbolchilarning rivojlanishini kuzatish menga doimo qiziq.
Hozir Saudiya Arabistonida ishlayotgan bo‘lsam ham, o‘zbek futbolida nimalar bo‘layotganiga hamisha qiziqaman. U yerda ko‘plab do‘stlarim va yaxshi xotiralarim bor. O‘tgan hafta «Paxtakor» Jiddada Chempionlar ligasida o‘ynadi. Shu sababli men ham u yerga bordim va sobiq shtabimdagi ko‘plab insonlar, shuningdek, men bilan yaqin hamkorlik qilgan Boyan va murabbiylar shtabi a’zolari bilan uchrashdim.
Barcha tomonidan, ayniqsa, ayrim muxlislar tomonidan juda iliq kutib olindim. O‘zbekiston Superkubogida g‘olib bo‘lganimiz bilan bog‘liq yaxshi xotiralarni esladik. Shu sababli O‘zbekiston doimo mening futboldagi faoliyatimning muhim qismlaridan biri bo‘lib qoladi.
«Yana O‘zbekistonda ishlashga juda qiziqaman» - «Paxtakor»ning sobiq ustozi nimalar dedi?
Eksklyuziv
29 sentabr, 06:12
7
Tribuna.uz jurnalisti Voyneski bilan bog‘landi.
Фото: Al Wahda FC
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi