Niderlandiyalik sobiq futbolchisi Marko van Basten Xavi Ernandesning milliy jamoaga bosh murabbiy etib tayinlanishi haqida fikr bildirdi.
«Barselona»ning sobiq futbolchisi 1978-yildan buyon Niderlandiya milliy jamoasini boshqaradigan ilk xorijlik mutaxassisga aylandi.
«Shaxsan men niderlandiyalik murabbiyni afzal ko‘rardim. Menimcha, mutaxassislarni Niderlandiyaning o‘zida tarbiyalashimiz kerak. Agar Niderlandiyada terma jamoa uchun mahalliy murabbiy topa olmasak, demak, nimadir noto‘g‘ri ketgan degan taassurot paydo bo‘ladi», — dedi ekspert Radio JOE bilan suhbatda.
Eslatib o‘tamiz, Niderlandiya milliy jamoasining avvalgi bosh murabbiyi Ronald Kuman 2026-yilgi jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng iste’foga chiqarilgan. Jamoa turnirning 1/16 final bosqichida Marokashga mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etgan.