Bugun
53
O'zbek

Vali Sultonov: «Bu g‘alaba bilan to‘xtab qolmaymiz»

Eksklyuziv
5 noyabr, 12:19
Sultonov urganchliklar bosh murabbiyiga aylangach, ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
Vali Sultonov: «Bu g‘alaba bilan to‘xtab qolmaymiz»
Фото: Хоразм ПФК

Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Bunyodkor» va «Xorazm» jamoalari bahsida 1:2 hisobida mehmonlar g‘alaba qozondi. Vali Sultonov urganchliklar bosh murabbiyiga aylangach, ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

Ushbu mutaxassis uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida qatnashdi va fikrlarini bildirib, bir qator savollarga javob qaytardi.

- Bugun g‘alabani kutgandik. G‘alabani qanchalik kutganimizni bilsangiz edi?! Barcha muxlislarimizni ushbu muvaffaqiyat bilan tabriklayman. Qolaversa, o‘yinchilarimiz murabbiylar shtabi tomonidan ko‘rsatilgan ko‘rsatmalarni bajarishdi. Bu bilan to‘xtab qolmaymiz. Oldimizda yana uchrashuvlar bor. «Bunyodkor» jamoasiga keyingi bellashuvlarda omad tilaymiz. Ular ham yaxshi o‘ynashdi. Biz jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. Futbolchilarimizga va murabbiylar shtabiga katta rahmat. Qolaversa, viloyat hokimiga ham rahmat. Bu g‘alaba bizga juda kerak edi.
- Fabio Kannavaro bugungi uchrashuvga tashrif buyurdi. Bilamizki, «Xorazm» tarkibida milliy jamoaga nomzod futbolchi bor. Bundan tashqari, klubdagi yana qaysi o‘yinchini milliy jamoa darajasida deb ayta olasiz?
- Darvozabonni aytgan bo‘lardim. Oxirgi uchrashuvlarda u juda yaxshi o‘ynayapti. Qolgan o‘yinchilarimiz ham harakat qilishyapti. Bosh murabbiy Kannavaroni o‘zi tanlab oladi. Har bir futbolchini milliy jamoada o‘ynash niyati bo‘ladi. Bizdan yana bir-ikkita o‘yinchilar ham milliy jamoaga tushishadi, deb umid qilaman.
- Bugun «Xorazm» tarkibida ikkala qanot futbolchilari gol urishdi...
- Har bir jamoani kuzatib boramiz. Shunga qarab o‘z taktik rejalarimizni bajardik. Yigitlar ko‘rsatmalarimizni juda yaxshi bajarishdi. Bu tasodif emas. Har bir mashg‘ulotda ishlangan ishlanmalar, har bir raqib jamoani o‘zidan kelib chiqib, qanday taktikalar­da o‘ynash bo‘yicha rejalar qilamiz. Bugun ham shunga yarasha taktika qo‘lladik va shunga mos ravishda o‘ynadik. Qiyin bo‘ldi. «Bunyodkor» yaxshi jamoa. Boshkovich kelganidan keyin jamoa kuchaydi. Raqiblarga qiyin bo‘lyapti. Superligada har bir uchrashuv, har bir ochko uchun jiddiy raqobat ketyapti. G‘alaba qozonish oson emas. Mana, ko‘rdinglar, bugun qanaqa o‘yin bo‘ldi? Uyda «Paxtakor» bilan shunday qiyin kechgandi. Bu yog‘iga oson bo‘lmaydi. Biz ham to‘xtab qolmaymiz, g‘alaba uchun kurashamiz. «Xorazm»ni Superligada olib qolish uchun harakat qilamiz. Rejalarimiz katta.
- O‘yin tashabbusi «Bunyodkor» tomonida edi. «Paxtakor» bilan o‘yindagi qo‘shimcha 30 daqiqani ham bugun ta’siri bormi?
- Ha, ta’siri bor. O‘yinchilarimizni o‘yindan oldin ham biroz jarohatlari bor edi. Boshqa iloji yo‘q. Har bir futbolchiga orqaga yo‘l yo‘q, faqat oldinga, faqat g‘alaba uchun o‘ynaymiz deb uqtiramiz. Yigitlarda jarohatlari bo‘lsa-da, bor kuchlarini berib o‘ynashdi. Ikkinchi taymda yana qo‘shimcha jarohatlar bo‘ldi va shu bois biroz orqaga chekindik, charchoq sezildi. Lekin bor kuchini berib o‘ynashgani uchun barcha futbolchilarga katta rahmat.
- «Xorazm» qiyin holatda edi. Olti ochkolik uchrashuvda yutdi. Oldinda 3 ta tur qoldi. Jamoani ligani qolishi uchun resurslar yetarli, deb hisoblaysizmi?
- Har bir o‘yin uchun kurashyapmiz. G‘alaba uchun chiqyapmiz. Oldimizda yana 3 ta tur bor. Bizga shu g‘alaba kerak edi. Ko‘ryapsizlar, bungacha yutolmayotgandik. Omad kelmayotgandi, lekin yigitlar kurashib kelishmoqda. Biz murabbiylar shtabi ham o‘rgatyapmiz, harakat qilyapmiz. Yigitlar kurashmoqdalar, ammo omadga ham bog‘liq-ku. Xudoga shukr, kerakli g‘alabaga erishdik.
- Jamoani ligada olib qolsangiz rahbariyat sizni bosh murabbiy sifatida qoldiradimi?
- Hozircha bu savolga javob bera olmayman. Hammasi Xudodan. Avvalo, klubni olib qolaylik. Meni vazifam klubni Superligada saqlab qolish. 12 yil davomida ishlamagandim. Mana, rahbariyat menga ishonch berdi. Xorazm xalqini, rahbariyatni ishonchini oqlaymiz, Xudo xohlasa», - deya Vali Sultonovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Bugungi yangiliklar