Samarqandning «Dinamo» klubi Qo‘qonmda «Qo‘qon-1912» mehmoni bo‘ldi. Qiyin o‘tgan uchrashuvda jamoalar 1:1 hisobida durang natija qayd etishdi. Mazkur bahsdan so‘ng «Dinamo» ustozi Vadim Abramov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
— O‘yin haqida nima deya olasiz?
— O‘yin haqida nima deyish mumkin? Bilmadim, futbol unchalik ko‘p bo‘lmadi. Asosan kurash ketdi. Bu kurash nafaqat raqib bilan, balki maydon bilan ham bo‘ldi. Shuning uchun bunday maydonda gol urish qiyin. Shunga qaramay, ikki jamoa ham o‘yindan gol urishning uddasidan chiqdi. Shuning uchun futbolchilarga alohida tasanno aytish kerak: shunday sharoitda ham muxlislarni xursand qilishdi. Umuman olganda, o‘yinni sharhlash qiyin, chunki futboldan ko‘ra kurash ko‘proq bo‘ldi. Bugungi uchrashuv shu tarzda kechdi.
— O‘yin boshida himoyachilar ko‘proq xatolarga yo‘l qo‘yishdi. Bu maydonga moslashish qiyin bo‘lgani bilan bog‘liqmi?
— Ha, albatta, maydonning ta’siri bor. Biz bu yerga birinchi marta chiqdik, shuning uchun maydonga moslashish kerak edi. Himoyachilar dastlabki daqiqalarda boshqacha maydonda o‘ynashga odatlangani ko‘rinib turdi. Keyin esa moslashib ketishdi. Men aytyapman-ku, bu yerda futbolga unchalik o‘xshamadi. Umuman boshqa sport turiga o‘xshadi.
— Bugun tarkibda ham yo‘qotishlar bor edi. Jamoaning bir qator futbolchilari yoshlar terma jamoasiga chaqirildi. Bu holat jamoaga qanchalik ta’sir qildi?
— Bizda shunday holat yuzaga keldi: futbolchilarimiz yoshlar milliy jamoasiga chaqirildi. Jamoamizning yetakchilaridan biri — O‘rmonjonov ham milliy jamoada. Shunday bo‘lyaptiki, ehtimol, milliy jamoa uchun futbolchilar tayyorlaydigan klub sifatida bizda qandaydir ustunlik bo‘lishi kerakdir. Lekin aksincha, o‘zimizni kuchsizlantirib qo‘yyapmiz. Afsuski, shunday bo‘ldi — futbolchilarimizni qo‘yib yubordik va ularsiz o‘ynayapmiz. Bundan tashqari, Hojimirzayev ham jarohatlanganini bilasiz. Shuning uchun bugun u ham bizga yordam bera olmadi. Amonóv esa anchadan beri o‘ynamagan edi, bugun maydonga tushdi, lekin hali to‘liq tayyor emas.
O‘rozov ham ketgan. Bularning barchasi biz uchun sezilarli yo‘qotishlar. Bundan tashqari, jarohatlangan futbolchilarimiz ham bor. Shuning uchun tarkib bilan bog‘liq muammo bor. Lekin kurashishda davom etamiz. Ko‘ramiz, ishlar qanday bo‘lar ekan.
— Albatta, asosiy masala maydon haqida. Bunday holatda futbol o‘ynash qiyin. Bu liga uchun sharmandali holat, deb o‘ylamaysizmi? Albatta, tarkibda yo‘qotishlar bor, lekin jamoada futbolchilar bo‘lsa, shunday o‘yinlarda ham imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanish kerak, to‘g‘rimi?
— Ha, siz haqsiz. Lekin yana aytaman, bugun futbolga unchalik o‘xshagan o‘yin bo‘lmadi. Hozir biz ko‘proq shunday maydondan keyin qanday tiklanish haqida o‘ylayapmiz. O‘zingiz ham ko‘rdingiz, maydon juda yumshoq va botqoq edi. Deyarli qum ustida o‘ynagandek bo‘ldik. Bu boshqa sport turi — plyaj futboliga o‘xshaydi. Bunday maydonda jismoniy yuklama, tabiiyki, juda katta bo‘ladi. Hozir Samarqandga yetib borishimiz va tiklanishimiz kerak. Chunki 10-sanadanoq keyingi o‘yinimiz bor. Ungacha juda kam vaqt qoldi. Samarqandga yetib borgunimizcha, o‘yinga deyarli uch kun qoladi. Shuning uchun asosiy vazifa — tiklanish.
— Mutaxassis sifatida O‘zbekistondagi futbol maydonlari haqida fikringizni bilmoqchi edim. Ma’lum bo‘lishicha, maydonlarning barchasini bitta kompaniya qurgan ekan. Nima sababdanligini bilmayman, lekin vaqt o‘tishi bilan deyarli barcha maydonlarda muammolar paydo bo‘lyapti. Ular PFLga borib, intervyu qilishgan va muammoni klublar to‘lovlarni to‘liq amalga oshirmayotgani, shu sababli maydonlarga zarur xizmat ko‘rsatilmayotgani bilan izohlashgan. Bu muammoni qanday hal qilish mumkin? Axir barcha jamoalar ham faqat kurashib o‘ynamaydi. Masalan, «Dinamo», OKMK to‘p bilan o‘ynaydigan jamoalar. Bunday maydonlarda ular o‘z o‘yinini ko‘rsata olmaydi. Nima qilish kerak?
— Velosiped ixtiro qilish shart emas. Bu juda oddiy masala. Masalan, men agronom emasman. Qishloq xo‘jaligidan uzoq odam bo‘lsam ham, sharoitlarimiz uchun bu maydon mos emasligini tushunish qiyin emas. Bu aniq. Ikkinchi yildirki, deyarli barcha maydonlarimizda muammo bor. Agar biz Samarqandda shu maydonda mashg‘ulot o‘tkazganimizda, u ham yaroqsiz holga kelib qolgan bo‘lardi. Bu o‘t Uzbekiston sharoitiga mos emas. Mening bilishimcha, yozda, quyosh bo‘lmagan paytda maydonni sug‘orishadi. Bu yerda esa aksincha — quyosh chiqib turgan paytda sug‘orishadi.
Tasavvur qiling, sizga quyoshning tagida suv sepishsa, nima bo‘ladi? Bu o‘t ham xuddi shunday. Shuning uchun bu maydon o‘ti bizning sharoitimizga mos emas. Xulosa oddiy — boshqa turdagi o‘t qoplamasini yotqizish kerak. Bir vaqtlar «Lokomotiv» stadionida, agar eslasangiz, Achilbay Jumaniyazovich menga «Lokomotiv»dagi maydonni juda yaxshi holatga keltiradigan mutaxassislarni topish vazifasini bergan edi. Men ham masalani o‘rganib ko‘rdim. Albatta, o‘zim mutaxassis emasman. Lekin Koreyada jahon chempionati o‘tkazilgan, Yaponiyada ham shunday. Biz u yerlarga o‘ynagani borganmiz — maydonlar juda yaxshi. U yerlardagi iqlim ham O‘zbekistonga o‘xshaydi: sovuq ham bo‘ladi, issiq ham. Shunda Koreyaga qo‘ng‘iroq qilib, mutaxassislarni so‘radim. Ular mutaxassislarni yuborishdi. Koreyalik mutaxassislar kelib, birinchi navbatda maydondan tahlil uchun namuna olishdi.
“Paxtakor”ga bordik, u yerda ham maydonni tekshirishdi. Ular: “Yo‘q, bu maydon sizlarning sharoitingizga mos emas”, deyishdi. Keyin “Jar” stadioniga olib bordik. O‘sha paytda, adashmasam, u yerda “Bunyodkor” o‘ynardi va maydon endigina yotqizilgan edi. Maydon juda ideal holatda edi. Ular tekshirib ko‘rishdi va: “Bu ham sizlarning sharoitingizga mos emas”, deyishdi.
Shundan keyin ularni Politotdelga olib bordik. Ular maydonni ko‘rib: “Mana shu o‘t O‘zbekiston sharoitiga haqiqatan mos keladi”, deyishdi. Ular hatto 10 yillik kafolat berishdi va: “Bu maydonda yiliga 300 ta o‘yin o‘tkazishingiz mumkin”, deyishdi. Tasavvur qilyapsizmi? Bu maydon 15 yil xizmat qildi. Agar o‘z vaqtida uni oxirigacha yo‘q qilib tashlashmaganida, ishonchim komilki, hali ham xizmat qilgan bo‘lardi. Shuning uchun har kim o‘z ishi bilan shug‘ullanishi kerak. Agar inson biror sohani yaxshi tushunsa, shu ishni o‘zi qilishi kerak. Bu yerda muammo faqat maydonda emas. Qolgani haqida esa nima deyishni bilmayman. Men mutaxassis emasman – deya Abramovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi