Termizning «Surxon» klubi Fevzi Davletov va Aleksey Nikolaev bilan hamkorlikni yakunladi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
«Klubimiz asosiy jamoasida murabbiy shtabida o'zgarishlar amalga oshirildi. Jamoa bosh murabbiyi Fevzi Davletov va jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy Aleksey Nikolaev klubni tark etdi.
Davletov so'nggi ikki mavsum davomida jamoamizga ustozlik qildi. Uning qo'l ostida jamoa 65 ta rasmiy uchrashuv o'tkazdi va O'zbekiston kubogining yarimfinal bosqichiga o'tish uchun yordam berdi.
Bosh murabbiy lavozimiga avval bosh murabbiy yordamchisi sifatida faoliyat olib borgan Stanislav Kudryashov tayinlandi. Keyinroq yangilangan murabbiylar shtabining to'liq ro'yxatini e'lon qilamiz.
Klub nomidan Fevzi Rizaevich va Aleksey Vladimirovichga hamkorlik uchun minnatdorlik bildiramiz hamda ularga kelgusidagi faoliyatlarida omad tilaymiz», — deyiladi xabarda.