Live
2
O'zbek

Ro'ziqul Berdiyev: "Yutqazishga munosib emasdik"

Eksklyuziv
16 avgust, 15:53
"Nasaf" bosh murabbiyi "Paxtakor"ga qarshi bahsdan so'ng o'z fikrlarini bildirdi.
Ro'ziqul Berdiyev: "Yutqazishga munosib emasdik"
Фото: Насаф ПФК

Superligada 17-tur nihoyasiga yetdi. Turnning oxirgi bahsida "Nasaf" Qarshida "Paxtakor"ni qabul qildi.

Qiziqarli o‘tgan bahsda 1:2 hisobida mehmonlar g‘alaba qozondi. Mezbonlar bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiyev esa matbuot anjumanida bir nechta savollarga javob qaytardi.

- Bugun ozgina omadimiz kelmadi, desam ham bo‘ladi. Chunki yutqazishga munosib emasdik. O‘yinni hayajon va xato bilan boshladik. Ikkinchi bo‘limda tashabbusni o‘z tomonimizga og‘dirdik, gol urdik. Lekin "Paxtakor" jamoasining zaxiradan maydonga tushgan futbolchilari o‘yinni o‘zgartirib yubordi.

- Birinchi golida Alibek Davronov xato qildimi yoki oldinga chiqib ketgan darvozabonmi?

- Menimcha, Alibekni xatosi ko‘proq. Chunki har qanday holatda ham u birinchi to‘pga tegdi. Boshqacharoq qaror qilsa ham bo‘lardi. Qiyin vaziyatda ediyu, ammo to‘pni darvozaning ustidan tepib yuborsa bo‘lardi. Shuning uchun Davronovni pozitsion emas, texnik xatosi bo‘ldi, deb o‘ylayman. Lekin u bugun yaxshi o‘ynadi. Boshidagi hayajonni hisobga olmasak, jamoaga yordam berishni juda xohladi. Yigitlarga minnatdorlik bildirish kerak, borini berib harakat qilishdi. Ammo "Paxtakor"ni bugungi darajasi, ikkita teng tarkibga egaligi ularga ustunlik berdi.

- Akrom Komilovning o‘yinidan qoniqmagandek bo‘ldingiz…

- Qoniqmaganligim uchun zaxiraga oldim. Biz tezlik qo‘shishimiz va joylashuvni o‘zgartirishimiz kerak edi. Bu bizga ancha qo‘l keldi, jamoa ikkinchi bo‘limni yaxshi boshladi. Imkoniyatlar yaratildi, Sharofni, Sardorni xavfli zarbalari, tashabbus biz tarafda edi. Omadimiz kelganda hisob boshqacha bo‘lardi.

- Shala yaxshi o‘ynayapti. Biroq uni doim zaxiraga olayapsiz. Buni biror sababi bormi?

- U toliqib qolyapti. Faolligi kamayganidan keyin zaxiraga olayapmiz. Ularda ham yangi o‘yinchilar tushishdi, o‘yinga yaxshi qo‘shilib, tezlik qo‘shishdi. Biz ham bu narsani amalga oshirishimiz kerak edi. Shala o‘ynagan paytda albatta jamoaga yordam berishga harakat qildi. Biroq oxirida charchoq bo‘lgach, uni zaxiraga oldik.

- "Nasaf"ni keyingi turda Namanganda "Navbahor"ga qarshi o‘yin kutmoqda. Bugun jamoa katta kuch sarfladi. Bu navbatdagi uchrashuvda salbiy ta'sir ko‘rsatmaydimi?

- Albatta, bu og‘ir. Biz shunga tayyor bo‘lishimiz kerak edi. Xohlagan tarkibni yiqa olmadik, bunga imkoniyatimiz ham bo‘lmadi. Shuning uchun bor yigitlardan foydalanishga harakat qilamiz. Ularni tezroq tiklab keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz.

- Gruziyalik futbolchi nima uchun ko‘rinmadi yoki u hali jamoaga moslashgani yo‘qmi?

- Ha, moslashishi kerak. U oxirgi bir oyda umuman o‘ynagani yo‘q. Shuning uchun jismoniy holati yaxshi emas. Taktik o‘zgarishlarimizga uni jismoniy holati yoki bunday raqibga qarshi tavakkal qilish noto‘g‘ri edi. Uning imkoniyatlarini chamalab boryapmiz. Sifati bor, hujumda yaxshi harakat qiladi. Tezroq jamoaga moslashishi va ko‘nikishi kerak.

- Jarima zarbalarini bajarilishida sizni qanchalik aralashuvingiz bor?

- Buni amalga oshirishi mumkin bo‘lgan bir nechta yigitlar bor. Zafarmurodda nafaqat jarima to‘pi, balki o‘yinida ham pasayish sezildi. Barcha o‘yinlarda o‘ynayotgani uchun balki shunday bo‘lgandir va o‘yinga tezlik qo‘shish uchun uni zaxiraga oldik. Zafarmurod bundan-da, yaxshiroq o‘ynashi mumkin. Lekin bugun yo‘llagan zarbasi juda noaniq bo‘ldi.

- Jamoaga kimlarni olib kelishni xohlagandingiz?

- Ular legionerlar edi. Kuchliroq, darajasi yuqoriroq legioner variantlarimiz bor edi. Bizda ularni olishga imkoniyat bo‘lmagani uchun biz shular bilan chegaralanib qoldik. Ularni olish uchun moliyaviy tomondan imkoniyatimiz yaxshiroq bo‘lishi kerak. Eng yaxshi, o‘rta va oxirgi variantlar bo‘ladi. Biz eng oxirgi variantlar bilan chegaralanib qoldik.

- Siz "Nasaf"ga sodiq bo‘lgansiz, hech qaerga ketmagansiz. Nimaga shuni shogirdlaringizga tushuntirmagansiz?

- Shogirdlarimiz juda ham ko‘p. Har bir jamoaga qarshi o‘ynasak 3-4 tasiga qarshi o‘ynaymiz. Ba'zida bu xunuk tuyulishi mumkin, ammo bu futbol. Har kimni tarbiyasi yo dunyoqarashi, qarori bor. Sodiq yigitlar ham bor. Kimdir ketadi, futbol orqali hayotini to‘g‘rilashi, o‘zgartirishi kerak. Bunaqa holatga ko‘p tushganmiz. Ko‘p futbolchilar ketgan, sanasak 50 dan oshib ketgandir. Ular biz uchun shogird, bilmadim ustoz deb tan oladimi-yo‘qmi, har xili bor. Kim bo‘lsa ham omadini bersin", - deya Berdiyevning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Bugungi yangiliklar