“Atletik” vingeri Niko Uilyams hanuz chov sohasidagi (qorinning pastki qismi) og'riqlardan qiynalmoqda.
Marca nashri yozishicha, futbolchining jismoniy holati ispan klubi uchun jiddiy muammoga aylangan. 23 yoshli Niko o'tgan mavsumdan beri davom etayotgan chov sohasidagi og'riqlar sababli o'zining eng yaxshi sport formasidan yiroq.
Ispaniyalik vinger holatidan juda xavotirda. Operatsiya qilish variant sifatida ko'rib chiqilmoqda, biroq bu eng oxirgi chora hisoblanadi, chunki eng yaxshi holatda ham tiklanish ikki oydan ko'proq vaqtni oladi.
Ta'kidlanishicha, hozirgacha olib borilgan konservativ davolash kutilgan natijani bermagan. Niko maydonga qaytishdan oldin ma'lum vaqt bellashuvlarda ishtirok etmadi va tiklanish hamda profilaktika bo'yicha maxsus tavsiyalarga amal qildi. Biroq og'riqlar yo'qolmayapti, bu esa futbolchi uchun mavsumning qolgan qismini xavf ostiga qo'ymoqda. Bundan tashqari, ushbu muammo unga kelasi yozda bo'lib o'tadigan jahon chempionatida qatnashishga ham halal berishi mumkin.
Avvalroq Niko Ispaniya superkubogi uchrashuvlarini o'tkazib yuborgandi. U Chempionlar Ligasida atigi 3 marta maydonga tushdi, shuningdek, La Ligada 17 ta o'yinda 4 ta gol urdi.
Avvalroq Uilyams faoliyatini “Tottenhem”da davom ettirishi mumkinligi xabar qilingan.