Italiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Roberto Manchini mamlakat chempionati — A Seriyada italiyalik futbolchilar ulushi kamayib borayotganini tanqid qildi.
«Men hali A Seriyada debyut ham qilmagan futbolchilarni milliy jamoaga chaqirishga majbur bo‘lyapman. Chempionatda italiyalik futbolchilarning ulushi 30 foizgacha tushib ketdi. Bu sharmandali ko‘rsatkich. Menda yosh va istiqbolli, kelajakda o‘sish salohiyatiga ega futbolchilarni izlashdan boshqa chora yo‘q. Shuningdek, muhim uchrashuvlarda ularga imkoniyat berish orqali tavakkal qilishimga to‘g‘ri kelmoqda.
Klublarga milliy jamoaning taqdiri qiziq emas. Shu sababli milliy jamoa muammolarga yechimni mustaqil ravishda izlashga majbur.
Kamida 20 yildan beri davom etib kelayotgan vaziyatdan shikoyat qilishning ma’nosi yo‘q. Biz shunchaki munosib futbolchilarni topishimiz va ularga tajriba orttirish imkoniyatini berishimiz kerak. Buning uchun tavakkal qilishga, hatto ayrim uchrashuvlarda mag‘lub bo‘lishga to‘g‘ri kelsa ham», — dedi Manchini Corriere dello Sport nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, Italiya Millatlar ligasidagi guruhida uchinchi o‘rinni egallagan edi.