«Leyptsig» klubi kelasi yozda ijara asosida jamoada o‘ynayotgan Brayan Gruda va Neyl El Aynauini to‘liq sotib olish uchun taxminan 50 million yevro sarflashi mumkin. Bu haqda Sky Germany nashri xabar bermoqda.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, Grudani «Brayton»dan sotib olish majburiyati mavsumning ikkinchi yarmida kuchga kirishi kerak. El Aynauini «Roma»dan to‘liq sotib olish bandining faollashtirilishi ham yuqori ehtimol sifatida baholanmoqda.
Brayan o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida ham «buqalar» safida ijara asosida harakat qilgan. Klub germaniyalik 22 yoshli futbolchini to‘liq sotib olishi taxminan 25 million yevroga tushadi. Tomonlar futbolchining doimiy transferi amalga oshgan taqdirda kuchga kiradigan shaxsiy shartnoma shartlarini ham avvaldan kelishib olishgan.
Neyl sentyabr oyi boshida «Roma»dan sotib olish huquqi bilan ijaraga olingan edi. Marokashlik 25 yoshli yarim himoyachini to‘liq transfer qilish summasi taxminan 25 million yevroni tashkil etadi.
Shu tariqa, agar har ikki transfer amalga oshsa, «Leyptsig» kelasi yozda jamoa tarkibini mustahkamlash uchun ijaradagi ikki futbolchini taxminan 50 million yevro evaziga to‘liq sotib oladi.