«Inter» «Manchester Siti» himoyachisi Manuel Akanji bilan shartnoma shartlarini kelishib oldi. Bu haqda insayder Nikolo Skira X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, futbolchi ijara asosida Milan klubida to‘p tepmoqda va shartnomada «Inter» chempionlikni qo‘lga kiritsa, majburiy sotib olish bandi mavjud. Biroq «neradzurrilar» himoyachini chempionliksiz ham 15 million yevro evaziga to‘liq transfer qiladi.
Yangi kelishuvga ko‘ra, shveysariyalik futbolchi 2027/2028 yilgi mavsum yakuniga qadar «Inter» safida o‘ynaydi. Uning yillik maoshi 3,75 million yevroni tashkil etadi.
Ma’lumot uchun, Akanji ushbu mavsum barcha turnirlar doirasida 33 bahsda maydonga tushib, ikki gol muallifiga aylandi.