O‘zbekiston Proligasi 10-turida «Metallurg» o‘z maydonida FarDU (7:0) jamoasini qabul qildi. O‘yindan so‘ng bekobodliklar ustozi Ilhom Mo‘minjonov o‘z fikrlarini bildirdi.
«G‘alaba bilan tabriklayman. Shogirdlarimiz chiroyli o‘yin ko‘rsatishdi. Shu bilan birga ko‘p gol urishga muvaffaq bo‘ldik va tanaffusga yaxshi kayfiyatda ketyapmiz. Lekin asosiy raqiblarimiz 5 - 8 ochkoga o‘tib ketgan. Bizga ikkinchi davrada imkoniyat berilyapti.
Albatta, buning uchun Bahodir aka Tojimurzayevichga kattakon rahmat aytaman. Maqsadimiz usha-usha qolgan. Buyog‘iga faqat oldinga. Bugun qo‘llab-quvvatlab turgan barcha-barchaga rahmat aytaman. Ha, biz qandaydir chuqurlikka tushib qolgandik. Yigitlar chiroyli gollari bilan bu vaziyatdan chiqib ketdik. Yirik g‘alaba bilan ta'tilga chiqdik.
Rahbariyat mahoratli futbolchilar bilan muzokaralar olib bormoqda. Shu kunlarda yaxshi transfer qilamiz deb o‘ylayman.
Oldinda yana ham yaxshi o‘yinlar kutmoqda. Ikkinchi davrada 16 ta uchrashuv bo‘ladi. Hali hech nimani yo‘qotganimiz yo‘q. Faqat chempionlikka kurashamiz.
Bizda har ikki darvozabonimiz asosiy hisoblanadi. Bugun Mohirga imkoniyat berdik. Chiroyli o‘yini bilan ishonchni oqladi. Hudoga shukur, har ikki darvozabonimizdan ko‘nglim to‘q. Shu darvozabonlar bilan mavsum oxirigacha maqsadlarimizga erishamiz», - deya Mo‘minjonovning so‘zlaridan keltiradi «Metallurg» matbuot xizmati.